Energetika vaziri boshchiligidagi ishchi guruh (Prokuratura va Ichki ishlar organlari xodimlari bilan hamkorlikda) tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini oldini olish bo‘yicha Toshkent viloyati Ohangaron tumanida nazorat tadbirlari o‘tkazildi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Xususan, 10 yanvar kuni soat 02:10 lar atrofida ishchi guruh tomonidan tumandagi «O‘zar» MFYda joylashgan Barhayot plyus MCHJga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi (AGTKSH) belgilangan o‘chirish grafigiga rioya etmagan holda faoliyat ko‘rsatayotganligi aniqlandi.

Ushbu hududda joylashgan «Metan trans servis» MCHJ hamda «Barhayot plyus» MCHJga qarashli AGTKSHlarning gaz hisoblagichlari belgilangan tartibga zid ravishda o‘rnatilganligi ma’lum bo‘ldi.

gaz заправка, энергетика vazirligi

Mazkur shoxobchalarning gaz hisoblash uskunalari ekspertizadan o‘tkazilganda, ushbu uskunalar foydalanishga yaroqsiz deb topildi va oxirgi nazorat kunidan bugungi kunga qadar qayta hisob-kitob qilindi. Natijada yuqorida nomlari sanalgan tashkilotlarga 300 mln so‘mdan (jami 600 mln so‘m) qo‘shimcha tabiiy gaz hisoblandi.

Shu bilan birga, «Barhayot plyus» MCHJda 31 mln so‘m hamda «Metan trans servis» MCHJda 80 mln so‘m (jami 111 mln so‘m) elektr energiyasi uchun qarzdorligi aniqlandi.

Mazkur gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalar tabiiy gaz tarmog‘idan uzilgani ma’lum qilindi.