Xorijda yashab, begona muhit, turli madaniyat ichida bola tarbiyalash xiyla murakkab. Har yerning tosh-tarozisi bor. Lekin o‘g‘il-qizining ona tilini unutmasligi, turfa qarashlar ta’siriga tushmasligini xohlaydigan aksar o‘zbek ota-onalari buning ham yo‘lini topmoqda. Kimdir oilada qattiq tartib-qoida, o‘zbekcha udumlarga qat’iy rioya etsa, yana kimdir kitob yozyapti, boshqasi kuy bastalab, ashulalar yaratyapti. Anchadan beri oilasi bilan Germaniyada yashayotgan Sitora Usmonova ham qizi va xorijdagi o‘zbek bolajonlariga atab kitob yozgan.

«Gazeta.uz» ona, malakali iqtisodchi va yosh yozuvchidan chet elda farzand tarbiyalash mashaqqati, nemis kitobxonlari odati, ayolning jamiyatdagi o‘rni kabi bir necha muhim savollarga javob oldi.

Sitora Usmonova — Toshkent viloyatining Qibray tumanida tug‘ilgan;
— Oilali, qizi, turmush o‘rtog‘i bilan Germaniyada yashaydi;
— Berlindagi Soliq maslahatchisi va auditori idorasi iqtisodchi-buxgalteri;
— Soliq huquqi bo‘yicha malaka oshirib, hozirda iqtisod maktabida tahsil oladi;
— Bolalar uchun Yevropa standarti asosida chop etilgan «Quyoshli tong» kitobi muallif
и.

Foto: Sitora Usmonovaning shaxsiy arxividan.Foto: Sitora Usmonovaning shaxsiy arxividan.

— Sakkiz yildan beri Germaniyada oilangiz bilan yashaysiz. Begona yurtga moslashish, uzoq muddatli yashashga ko‘nikish qiyin kechmadimi? Nega yashash uchun shu davlatni tanlagansiz?

— Bu yerlarga kelib qolganim avvalo taqdirdan. Bolaligimda dadam tez-tez xizmat safari bilan Germaniyaga ketardilar. Yangi yil arafasi uyga bir jomadon to‘la shokolad kelar va hammaga bir-bir ulashgach, tugab qolardi. Yoshlikdan Germaniya men uchun eng zo‘r shokoladlar vatani bo‘lgan. Keyinchalik dunyo miqyosidagi rivojlangan davlatlardan biri ekanini bildim.

Yam-yashil tabiati, inson haqiqatda qadrlanishi, imkoniyati cheklanganlarga alohida e’tibor, yashash, o‘qish sharoitining eng yuqori nuqtaga yetkazilgani, yosh ota-onalarga davlat ajratadigan imtiyozlarni ko‘rib, Yevropa davlatlari ichida Germaniya — birdamlik mamlakati ekanini yaqqol sezdim va bu o‘lka yuragimdan o‘zgacha joy oldi.

Moslashish, deyapsiz. Menimcha, har qanday jamiyatga tezroq moslashishning eng oddiy yo‘li — o‘sha davlat tili, tarixi, madaniyatini o‘rganish. Germaniyaga kelgach, turmush o‘rtog‘im meni tezda til kursiga yozdirdilar. Nemis madaniyati, tiliga qiziqqanimdan olti oy ichida V2 darajasidagi Goethe-Zertifikat'ini oldim.

Qo‘limda til daraja sertifikatim bo‘lsa-da, uyimizga kelib turadigan nemiszabon do‘stlar bilan bemalol so‘zlasholmas, fikrlarimni aniq va ravon aytolmasdim. Hazillarini tushunmay, uyalib qolardim ba’zan. Aynan mana shu nemis jamiyatiga tezroq moslashishga turtki bergan. Lug‘at kitobim bilan Bezirksamt — fuqarolarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limiga borib, turar joy uchun ro‘yxatdan o‘tib kelganimni haligacha kulib eslayman.

— Hozirda Soliq maslahatchisi va auditori idorasida iqtisodchi-buxgalter bo‘lib ishlaysiz. Ishingiz behad mas’uliyatli va shuning barobarida qiziq. Chunki ko‘pchiligimiz nemislarni tartib-qoida, hisob-kitobni hammasidan ustun qo‘yadigan xalq sifatida taniymiz. Ishingizdagi murakkablik, o‘ziga xos mashaqqatlari cho‘chitmaganmi?

— «Eng katta qiyinchiliklar biz ularni qidirmagan joyda uchraydi», deydi Gyote. Boshlangan har qanday ishda asosiy e’tiborni qiyinchilikka qarataversak, u osonlashib qolmaydi. Ausbildung — kasbiy ta’lim vaqtida bor e’tiborim kasb o‘rganishda bo‘lgan. Harakat qilsam, hunarli bo‘laman, qo‘limdan kelmasa, tajribali, derdim. Asosiysi oilam, bolam hamisha yonimda edi.

Bu yerda ish beruvchimning eng yaxshi tomoni — uning xodimlarga ishonchi va intiluvchanlikni baholay olishi bo‘lgan. Ishonchni oqlash uchun har bir vazifani puxta, tartib-intizom bilan tugatishga tirishardim. Harakatlarim zoye ketmadi. Tartib-intizom bo‘lsa, har kim mustahkam struktura barpo eta olishini hamkasblarimdan o‘rgandim.

Hech esimdan chiqmaydi: birinchi ish kunim yozilgan e’tiroznomalarni tezda soliq idorasiga faks orqali jo‘natishimni aytishdi. Faks apparati oldiga kelib, 10 daqiqacha: «Buni qanday ishlatsam ekan?», deb turib qoldim. Yozuvlari nemischa, apparat juda zamonaviy edi. Atrofdagilardan so‘rashga tortindim. Qiynalayotganimni payqagan, yoshi 60 ga borgan hamkasbim kelib: «Ie, buning qanday ishlashini sizga ko‘rsatishmabdi-ku!», deya, shoshmasdan, tartib bilan hammasini tushuntirib bergandi.

Shundan keyin zarur paytda hamkasblardan yordam so‘rashga, o‘rganganlarimni daftarga yozib borishga odatlandim.

— Suhbatdan oldin gaplashganimizda «Bu yerda Yevropa standarti asosida birinchi o‘zbek bolalar kitobini yozdim» dedingiz. Kitobni yozishingizga nima sabab bo‘ldi va «Yevropa standarti» deganda nima nazarda tutiladi?

— Germaniyada poligrafiya sanoati juda rivojlangan. Bolalar kitobi nashrlarida Yevropaning eng yuqori standarti talab etiladi. Masalan, kitob qog‘ozi, og‘irligi, bo‘yoqlar, rang-tasvir bola salomatligiga zarar yetkazmaydigan bo‘lishi shart. Kitobdagi layout — «joylashuv», «maket» o‘qish uchun qulay va aniq bo‘lishi, mavzu-mundarijasi ham to‘g‘ri tanlangan bo‘lishi kerak. Madaniy boylik sifatida Germaniyada bosma, hatto elektron kitoblarda ham QQSning 7 foizlik pasaytirilgan stavkasi qo‘llanadi.

«Quyoshli tong» kitobim ham Yevropa standartlari asosida chop etilgan. Germaniyadagi birinchi o‘zbek bilingual bolalar kitobi. Matnlar milliy illyustratsiyalar bilan boyitilgan, chet elda yashovchi har qanday o‘zbek bolasi tushuna oladigan sodda o‘zbek tilida yozilgan. Germaniyadagi o‘zbek oilalariga ham tarqatdik, iliq munosabatlarni eshitdim, ko‘pchilik «Yangi avlod yozuvchilaridan» deya e’tirof etdi.

Kitob yozish qatori ilgari Berlindagi eng katta Dussmann nomidagi Madaniyat uyida (Dussmann das KulturKaufhaus) tez-tez o‘tkaziladigan muallif va o‘quvchilar uchrashuviga borib turardim. Pandemiya sabab bunday tadbirlar onlayn (coaching holati)ga o‘tkazildi. O‘tgan yil yozida nemis bestseller romanlari muallifi Sendi Mersening «Schreib dein Buch» — «O‘z kitobingni yoz» degan coaching’ida qatnashgandim.

Musofirchilikda qizimga imkon boricha o‘zbekcha tarbiya berishga harakat qilyapmiz. Har yili O‘zbekistonga borganda o‘zbek bolalar adabiyoti bilan tanishamiz, kitob do‘konlarni erinmay aylanamiz. Qizimiz 6 yoshga to‘lgunicha vatandan o‘zimizning kitoblardan olib kelish odatimiz edi. Lekin do‘konlardagi ayrim kitoblarning sifati, mazmuni, uzundan-uzun matnlaridan ichim to‘lmasdi. Bolaga boshqacha adabiyotni ko‘rsatish kerak, derdim. 2−3 yoshga mo‘ljallangan o‘zbekcha, suratli kitoblarni-ku deyarli topolmasdim. Topilsa ham, rangli printerdan shundoq chiqarilgan, oddiy daftar-kitob shaklida bo‘lardi. Hazilakam varaqlasangiz, rostakamiga yirtilib ketardi. O‘zbek xalq ertaklaridagi qahramonlar, masalan, devlar, yalmog‘izu ajdarlar 2−3 yashar bola ongida salbiy tuyg‘uni uyg‘otishidan, qo‘rquvini kuchaytirishidan cho‘chiganman.

Hikoyalarni o‘qib bo‘lmasimdan, 3 yashar qizimning diqqati bo‘linib, asarning davomiga qiziqmasdi. Shunda o‘yladim: nega bizdek musofirlikda yashayotgan o‘zbeklar uchun oson tushuniladigan o‘zbek bolalar kitobi kam yoki yo‘q? Nega zamonaviy ertaklarimiz sanoqli? Uzoq o‘yladim va keyin harakatga tushdim. Ilk kitobimni kundalik hayotda ro‘y beradigan voqealar, sodda matn, odob-axloqni sezdirmay o‘rgatadigan, illyustratsiyalar bilan boyitib, yangi, mitti qahramonlar ko‘magida yaratdim. Kitobni ikki yil ichida yozdim, o‘z hisobimdan nashr etdim. Uning yaralishida biror tashkilot yoki nashriyotning ulushi yo‘q. Maqsadim ilm bo‘lib, boshqa narsa ko‘zlanmagan. «Quyoshli tong» xorijdagi o‘zbek bolajonlariga zarradek quvonch ulashsa, niyatimga yetgan bo‘laman.

— Bolaning kitobxon bo‘lishi ko‘p hollarda ota-onaga bog‘liq. Lekin muhitning ham ta’siri bor. Nemislar mittivoylarini qanday qilib kitobxonga aylantira olishadi?

— Germaniyadagi ota-onalarning farzandiga olib beradigan birinchi o‘yinchog‘i ko‘pincha kitob bo‘ladi. Chunki bu yerda kitobning qadri baland va ko‘p o‘qiladi. Ota-ona erta yoshdanoq bolasiga suratli kitoblarni muntazam o‘qib beradi, rasmlarini birga tomosha qiladi. Bola hali yoshiga to‘lmay kitob taniydi, endi tili chiqayotganining so‘z boyligi sevimli asaridagi dialoglar bilan boyiydi.

— Xorijda yashab farzand tarbiyalayapsiz. Muhit, begona til, dunyoqarash va madaniyatdagi farq o‘sayotgan bolaga kattalardan ko‘ra tezroq, oson va sezilarli ta’sir qiladi. Darrov mashaqqati, murakkabligidan emas, ijobiy tomonidan boshlay: bola tarbiyalash metodingiz qanday? Nemislar-chi, ular qanday tarbiya usulini qo‘llaydi?

— Bola tarbiyalashda qat’iy qoida-metodim yo‘q. Farzandim komil va sog‘lom inson bo‘lib ulg‘ayishi uchun nimani eng to‘g‘ri deb bilsam, boshqa onalardek o‘shani bajarishga harakat qilaman. Qizim bilan o‘zbek tilida gaplashaman. Uni ko‘proq eshitaman. Bog‘chasidan kelgach, birga choy ichamiz va kuni qanday o‘tganini so‘rayman, hammasini hikoyadek so‘zlashiga imkon beraman. Shaxsiy tanlovini hurmat qilaman. Uxlashdan avval nemischa ertak kitobini o‘zbekchaga o‘girib o‘qiymiz, qisqa tahlil qilamiz. Biror multfilm tomoshasidan ko‘ra muzey yoki teatrga borishni afzal ko‘raman. Deyarli har hafta tabiat bag‘rida oilaviy sayrga chiqamiz.

Nemis ota-onalar farzandlariga bolalikdan mustaqil fikrlash va o‘ylagan-bilganini kattalardek talqin qilishini qo‘llab-quvvatlashadi. Bolalari bilan past ovozda gaplashishadi. Televizor va boshqa elektron qurilmalardan o‘g‘il-qizi maktab yoshiga yetmagunicha foydalanishga deyarli ruxsat berilmaydi. Faqat cheklangan, saralangan dasturlarnigina ko‘rsatishadi. Yozda, muzqaymoq rastalarida turgan nemis ota-onalari endi-endi tili chiqayotgan bolasidan: «Sen vanillali muzqaymoq yeysanmi yoki shokoladli?» deb so‘rashi, bola esa o‘zicha o‘ylab-o‘ylab oxiri tanlashini kuzatish juda maroqli.

— O‘qish, ish, oila, farzand tarbiyasi — hammasi baravar kelsa, qiyin emasmi? Yana yaqinlardan uzoqda yashaysiz…

— Ishim va o‘qishimni oilamdan ustun qo‘ymayman. Oson bo‘lmagan, ayniqsa imtihon paytlari. Kursdoshlarim leksiyadan keyin imtihonlarga tayyorlanar, men esa farzandimni bog‘chadan olishga shoshardim. Darslarni tayyorlashga esa uydagilar uxlagach vaqt topilardi. Nimagadir erishmoqchi bo‘lgan odam albatta yo‘l, imkonini toparkan.

Qat’iy kun tartibim — intizom va vaqtdan unumli foydalanish. Hafta ichi televizor ko‘rishu telefonda soatlab gaplashishga imkon yo‘q. Dam olish kunlari yaqinlarimizni yo‘qlaymiz, do‘stlar bilan ko‘rishamiz va oilaviy dam olib, charchoqlarni unutamiz.

bolalar adabiyoti, kitob, мuтолaa, ситорa uсмоноva, ertaklar

Фото: Sitora Usmonovaning shaxsiy arxividan.

— Jamiyatda ayol kishining (ayniqsa, o‘zbek xotin-qizlarining) o‘rnini qaysi pog‘ona, joy yoki davrada tasavvur qilasiz?

— Bizning xotin-qizlar hayotini yevropalik ayollarniki bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Kuzatishimcha, Germaniyada ayollarning onalik davri juda kech boshlanadi. Nemis qizlari oila qurib, farzandli bo‘lishdan avval ilm olish, sayohat, karera qilishni birinchi darajaga qo‘yadi. Bu davlatga bir tomondan foyda bo‘lsa, ikkinchi tarafdan zarar hamdir. Katta ish kuchi, har sohada o‘qib-rivojlangan o‘lkada tug‘ilishning keskin kamayayotgani jiddiy muammodir.

Bizda buning aksi. To‘g‘ri, oila muhim, lekin jamiyat ichida ovozi, iste’dodi majburan bo‘g‘ilgan qizlar, afsuski, juda ko‘p. Qiz o‘stirayotgan ota-ona eng avval bolasiga ishonch hissini singdirishi shart. O‘ziga ishongan inson — ayolmi yo erkak — qarshisidagi mushkulotdan chiqish yo‘lini topa oladi.

— Aksarimiz atrofdagi bosimlar sabab ba’zan ruhiy madadga muhtoj bo‘lamiz. Lekin psixologga borishdan uyalamiz. Dugonasi, opa-singlisi, bilan g‘iybatlashib yo hasratlashib yengil tortadiganlar boru, bu muammoga yechim emasda! Ilmiy asoslangan metodlar, davo usullari zarur. Germaniyada ruhiy ko‘makka muhtoj, oilaviy muammolar ichida qolgan ayollarga qanday yordamlar beriladi?

— Germaniyada psixologiya yo‘nalishida o‘qish va uni muvaffaqiyatli tamomlash oson emas. Mas’uliyati katta. Bu soha egalaridan muntazam o‘qib-o‘rganish, amaliyotdan uzilmaslik, maxsus kasalxonalarda malaka oshirish talab etiladi. Har bir psixolog oliy ma’lumotli bo‘lishi qat’iy talab. Ikki yo uch oylik kursni o‘qib, psixologga aylanishning bu yerda imkoni yo‘q.

Mijozi bilan ishlayotganida ham davo-dorisi, muolaja usuli ilmiy tasdiqdan o‘tgan bo‘ladi. Bemorning shaxsiga oid ma’lumotlar qonun bilan himoyalanadi. Har bir inson uchun javobgarlik bor. Agar nemis mutaxassislari bizdagi ayrim «psixolog»larning maslahat-tavsiyasini eshitishsa, yoqa ushlashlari aniq.

Ruhiy ko‘makka muhtoj ayollar masalasiga kelsak, bu yerda xotin-qizlar qatori erkaklarga ham maxsus individual psixoterapevtik soat uchun oliy ma’lumotli psixologga oilaviy shifokor yo‘llanma beradi. Ayni shu yo‘llanma asosida bemorga alohida suhbat soati ajratiladi. Xarajatlarni esa tibbiy sug‘urta kassasi qoplaydi, bemor to‘lov haqida qayg‘urmay davolanadi.

— Ikki qutbni taqqoslash ba’zan og‘riqli bo‘ladi. Ayniqsa, sen tug‘ilib-o‘sgan olam hozirda yashayotgan o‘lkangdan har jihatdan ortda qolgan yo olg‘a yurishni xohlamayotgan bo‘lsa, alam qiladi. Germaniyada sakkiz yildan beri yashab, biz nimalarda ortdaligimizni O‘zbekistonga ta’til yo boshqa maqsadda kelganda ko‘proq sezsangiz kerak, a?

— Ta’tilda O‘zbekistonga borsak, aeroportdan ko‘zyoshlarimni tiyolmay, yaqinlarim bag‘riga shoshilaman. Vatan, yaqinlar sog‘inchini ikki og‘iz gap bilan tasvirlash qiyin.

Lekin har safar uyga borsak, yurtning tobora ekologik muammolar qa’riga sho‘ng‘iyotganini ko‘rib, yurak eziladi. Havoning haddan tashqari ifloslangani, yam-yashil daraxtlarning ayovsiz kesilayotgani, tog‘lardagi dam olish maskanlarida to‘plangan, tashlab ketilgan chiqindi-axlatlar kayfiyatni tushiradi, xafa bo‘laman. Biz bu darajagacha boradigan xalq emasdik!

Tabiat ne’matlaridan noto‘g‘ri foydalanayotganimizni oxirgi yillardagi voqealar: anomal jazirama, ichimlik suvining kamayishi, chang-to‘zonning ortayotgani, qurg‘oqchilik kabilar ko‘rsatib beryapti. Isrofdan qo‘rqaylik va insofni unutmaylik!