Bir yilda nechta kitob o‘qiysiz? Kuningizning qancha qismini mutolaaga sarflaysiz? Xohlaganingizdan ko‘ra kam, to‘g‘rimi? Ish-tashvishning tugamasligi yoki shunchaki hafsala, xohish yo‘qligi bahona bunga. «Gazeta.uz» kitobxonlikni targ‘ib etish, o‘quvchini ko‘p va xo‘b o‘qishga undash niyatida «Nima o‘qiymiz?» savoli bilan olim, tadqiqotchi, jamoat faoli, yozuvchi-shoir, tarjimon va boshqalarga yuzlanadi, ularning yil davomida o‘qigan yo o‘qilishi shart deb sanagan kitoblari tavsiyasini sizga yetkazadi. Maqsad juda oddiy — kitobxon bo‘laylik!

«Nima o‘qiymiz?» loyihasining navbatdagi mehmoni — «Ozodlik»ning O‘zbek xizmati bosh muharriri, jurnalist va shoir Pahlavon Sodiq.

Yaqin orada o‘qilgan kitoblardan tavsiyalar

Raqamli axborot davrida badiiy kitob o‘qish karrasiga kamayib ketdi. Bir paytlar, bundan chorak asr avval, bir ustozimiz «o‘zimga qolsa, televizorni 10 yillarga taqiqlab, hammani kitob o‘qishga majburlardim», degan edi. Vaholanki, u paytlar hali internet ommalashmagan, har kuni gazeta sotib olib o‘qirdik. Hozir eslasam, kulgim qistaydi. Qayerdan qayerga?

Ammo o‘qish bilan o‘qishning farqi bor, albatta. «Kamayib ketdi» derkanman, sekin va chuqur o‘qishni, mutolaani, kognitiv jarayonni-tanqidiy fikrlashni o‘z ichiga olgan o‘qishni nazarda tutyapman. Ijtimoiy tarmoqlar gazeta, kitob, arxiv — hamma narsaning o‘rnini egallab olgan hozirgi zamonda bu qariyb imkonsizdek bir narsaga aylangan. Aksar kitoblarni elektron shaklda o‘qiydigan bo‘lganmiz, ammo haligacha elektron variantni kitob deb qabul qilishga ko‘nika olganim yo‘q. Imkon qadar, o‘qib bo‘lgandan keyin bo‘lsa ham, bosma shaklini sotib olib, javonga qo‘ymaguncha o‘qilmagandek tuyulaveradi bu kitob.

O‘zi aslida ham raqamli va analog kitob mutolaasida farq bor. Miyani «qonatadigan» raqamli o‘qish jarayonidagi tafakkur qilish bilan qog‘ozdagi matnni o‘qigandagi tafakkur o‘rtasida sifat jihatidan farq katta. Ammo yechim ularning bittasidan voz kechishda emas, ikkalasining o‘rtasida muvozanat qilishda, deb o‘ylayman. Xuddi shu yerda audiokitoblar qo‘l kelishi mumkin. Audiokitob, nazarimda, matnning elektron shaklida yo‘qolib qoladigan musiqani beradi. Albatta, gap badiiy matn haqida boryapti.

Bu yil o‘qilgan kitoblardan

Albrecht Koschorke, Konstantin Kaminskij. Tyrants writing poetry. Central European Press nashriyoti. 2017 yil. 286 sahifa

kitob, kitobлар, kitobxonлик, мutoлаа, нима o‘qiymiz, паҳлавон содиқ

Yevropadagi birinchi zamonaviy monarxiyalardan tortib XX asr diktaturalari — Gitler va Stalingacha hukmdorlar orasida she’r yozganlari ko‘p bo‘lganini bilamiz. O‘zimizda bu ko‘rinish davlatchilik bilan birga paydo bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas. Bu kitobga bizning mintaqadan marhum Turkmanboshi — Saparmurod Niyozov ham kirgan. Ammo «She’r yozgan mustabidlar» kitobidagi tadqiqotning yangiligi bunda emas.

Kitob qadimgi saroy shoirlari bilan hozirgi piar texnologiyalarini tadqiq qiladi. Unda masalan, qadimda shoirlar hozirga hukumat voizlari yoki matbuot xizmatlari bajargan rolni bajargani, o‘xshash texnologiyalar qo‘llanilgani, ba’zida saroy shoirining badiiy shaxsiyati siyosiy shaxsiyatga evrilib, saroyning o‘zidan ham kattalashib monarx yoki podshohning hokimiyatiga tahdid solgani ko‘rsatiladi (o‘zimizdan Alisher Navoiyni bunga misol qilib olish mumkin).

Hozirgi voizlardan farqli saroy xo‘jayini — podshoh o‘lganidan so‘ng ham haligi shoirning ta’siri, bir ma’noda hokimiyati saqlanib qolavergan. Qiziq parallellar bor.


Vladimir Nabokov. Lectures on Russian Literature. Pen Books nashriyoti. 1987 yil

kitob, kitobлар, kitobxonлик, мutoлаа, нима o‘qiymiz, паҳлавон содиқ

Vladimir Nabokov 1940 yilda Amerikada akademik kar’erasini boshlagunicha rus adabiyoti haqida 2 ming betlik tadqiqot yozganini aytadi. Kitobdan Nabokov Stenford universitetida o‘qigan ma’ruzalarining bir qismi o‘rin olgan. Tolstoy, Dostoyevskiy, Chexov singari rus adabiyoti klassiklari haqidagi qiziq va original qarashlari, shuningdek, badiiy senzura qanday ishlagani haqidagi kuzatishlar o‘rin olgan.

«Rus adabiyoti ma’ruzalar»ning tili Nabokovning hayotiy biografiyasi, ruscha va inglizcha matnlarida kuzatiladigani kabi murakkab. Umuman, Nabokovga o‘xshab yozuvchi yoki rassomni juda balandda, «yolg‘iz qirol» sifatida tasvirlaydigan mualliflarni o‘qish qiyin, bir tomondan, o‘quvchiga juda balanddan qaragandek tuyuladi, ammo boshqa, ijobiy jihati — o‘qiydigan odam ham u bilan bo‘ylashishga, o‘sha «qirol» bilan tenglashishga harakat qiladi.


The Oxford Shakespeare. The complete sonnets and poems. Oxford University Press nashriyoti. 2008 yil. 768 sahifa

kitob, kitobлар, kitobxonлик, мutoлаа, нима o‘qiymiz, паҳлавон содиқ

Bir martada o‘qiladigan kitobmas, albatta. Shekspirni o‘qishga yordam beradigan, qayta va qayta murojaat qilinadigan kitob, degan bo‘lardim.


Mevlana (Jaloliddin Rumiy). «Divan-i Kebir». Ötüken nashriyoti. 2020 yil. 4 kitob, jami 1762 sahifa

kitob, kitobлар, kitobxonлик, мutoлаа, нима o‘qiymiz, паҳлавон содиқ

Jaloliddin Rumiyning «Masnaviyi ma’naviy», «Ichindagi ichindadir» deb tarjima qilingan «Fihi mo fihi» («O‘zidagi o‘zida») asarlari o‘zbekchaga o‘girilgan va o‘quvchilari ko‘p. Ammo bilishimcha, «Devoni kabir» hali tarjima bo‘lgani yo‘q. Ingliz tiliga yaqinlarda tarjima bo‘lganini bilaman.

«Shams devoni» deb ham deb ataladigan devon Rumiy Shams Tabriziyni taniganidan to uning vafotigacha bo‘lgan davrda yozilgan she’rlari antologiyasidan iborat. Rumiy she’rlarni qog‘ozga tushirmagani, ularni oniydan o‘qib ketgani va muridlari yoki kotiblari yozib olganini bilamiz. «Masnaviy»dan farqi sof didaktika emasligida. Lirika, mistika va so‘fizm.


Orhan Pamuk. Veba geceleri. Yapi Kredi Yayinlari nashriyoti. 2021 yil. 544 sahifa

kitob, kitobлар, kitobxonлик, мutoлаа, нима o‘qiymiz, паҳлавон содиқ

Nobel mukofotini olgan boshqa ko‘pgina adiblardan farqli O‘rxon Pomuq Nobelga loyiq ko‘rilganidan ham yaxshiroq asarlarini yozgan va yozishda davom etayotgan kam sonli yozuvchilardan deb bilaman. «Vabo kechalari»da ham oldingi qator romanlaridagi kabi epik qotillik motivi bor. Voqealar Sulton Abdulhamid davrida Usmonli imperiyasi viloyatlaridan birida vabo epidemiyasi tarqalishi atrofida kechadi.


Al-Ghazali (G‘azzoliy). The Incoherence of the philosophers. Young University Press nashriyoti. 2000 yil

kitob, kitobлар, kitobxonлик, мutoлаа, нима o‘qiymiz, паҳлавон содиқ

Oldinroq Bi-bi-si radiodasturida ingliz tadqiqotchilarining Ibn Sino va Farobiyning falsafiy qarashlari tanqid qilingan «Tahofatul falasifa» haqidagi qiziq bahsini eshitgan edim. Shundan keyin kitobning turk tilidagi ikkita tarjimasini o‘qidim, ammo ko‘nglim to‘lgani yo‘q, bu yil qo‘limga tushgan inglizcha nashri men ko‘rgan tarjimalar ichida mukammalrog‘i bo‘lsa kerak. O‘zbekcha tarjimasini ko‘rmadim.


Toshikazu Kawaguchi. Before the coffee gets cold. Macmillan nashriyoti. 2019 yil. 224 sahifa

kitob, kitobлар, kitobxonлик, мutoлаа, нима o‘qiymiz, паҳлавон содиқ

«Qahva sovigunicha» — Tokiodagi kichik bir qahvaxonada o‘tkazilgan vaqt mashinasiga o‘xshash eksperiment haqidagi roman. Gabriel Garsia Markesning «Polkovnikka xat yo‘q» qissasiga o‘xshash qayg‘uli, ammo asar qahramonlari Markes qahramonidan farqli faqat o‘z o‘tmishiga bog‘lanib qolmagan, kechinmalar undan boyroq va turfa xil.


O‘zbek adabiyotidan Erkin A’zamning «Gonoluluga elchi» qissasi (menimcha hali chop bo‘lmadi), Nazar Eshonqulning turkum hikoyalari, Isajon Sultonning «Navoiy» va Olim Toshboyevning «Ultontoz» romanlari.

Yoshlarga tavsiya

Tavsiya (o‘zbek mumtoz adabiyoti, XX asr boshi, jadidlar, adabiyot darsligi va jahon adabiyoti xrestomatiyasiga kirgan asarlarga qo‘shimcha):

  • O‘rxon Pomuq. «Mening otim qizil» va boshqa romanlari;
  • Milorad Pavich. «Hazar lug‘ati»;
  • Murod Muhammad Do‘st. «Lolazor»;
  • Abdulhamid Ismoil. «Jinlar bazmi» romani;
  • Chexovning barcha hikoyalari. Jumladan, «Gapirmoq yoki jim turmoq» hikoyasi;
  • Mixail Bulgakov. «Usta va Margarita»;
  • Frans Kafka va Alber Kamyu. Hikoya, qissa va romanlar;
  • Jeyms Joys. «Uliss» romani;
  • Lotin Amerikasi adabiyotidan — Xorxe Luis Borxes hikoyalari. Gabriel Garsia Markes — «Yolg‘izlikning yuz yili», «Buzrukning kuzi», «Polkovnikka xat yo‘q»;
  • O‘zbek zamonaviy she’riyatidan — Rauf Parfi, Shavkat Rahmon, Faxriyor va boshqalar.

Bunga qo‘shimcha «Ming bir kecha» va «Shohnoma», G‘arb va Sharq faylasuf va teologlari, jumladan, G‘azzoliyning barcha asarlari, Immanuel Kantning «Sof aqlning tanqidi», Shopengauer va boshqa nemis faylasuflari. Shuningdek, yunon va turkiy xalqlar mifologiyasi.