Jizzax shahrida Samarqand davlat tibbiyot universitetining Jizzax filiali hamda zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan viloyat Bolalar diagnostika markazi tashkil etiladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining qarori Regulation.gov.uz saytiga muhokama uchun qo‘yildi.

Mazkur filialning asosiy vazifalari etib hududda malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash, xorijiy oliy ta’lim muassasalari tajribasini tatbiq etish asosida malaka talablari, o‘quv rejalari va fan dasturlarini ishlab chiqish kabilar belgilanmoqda.

2023/2024 o‘quv yilidan Jizzax davlat pedagogika universitetining «Davolash ishi» va «Pediatriya ishi» bakalavriat ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarga o‘qishini Samarqand davlat tibbiyot universitetining Jizzax filialida davom ettirishlariga ruxsat beriladi.

Filialning yangi bino va inshootlari qurib bitkazilgunga qadar o‘quv jarayonini tashkil etish uchun vaqtinchalik Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi bazasida bino ajratish ko‘zda tutilgan.