Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati internet ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgan yosh bolalar Gentra avtomobilining old qismini yoqib yuborgani tasvirlangan videoxabar yuzasidan ma’lumot berdi.

21 dekabr kuni Qo‘qon shahar 33-umumta’lim maktabining 3-sinf o‘quvchilari voyaga yetmagan M. U., A.U. hamda A.B. shaharning Navoiy mavzesidagi savdo do‘koni oldida o‘zlarida bo‘lgan gugurt cho‘pini yoqib, shu yerda turgan Gentra avtomashinaning old qismiga qistirib ketishgan. Oqibatda avtomashinada yong‘in chiqib, moddiy zarar yetkazilgan.

Shunday bo‘lsada, avtomashina egasi fuqaro D.S. ichki ishlar organlariga bu haqida murojaat qilmagani aniqlandi.

Mazkur holat Qo‘qon shahar IIB tomonidan tegishli tartibda ro‘yhatga olinib, voyaga yetmagan shaxslarning ota-onalari M.Yu., A. Y. va I.A.ga nisbatan ma’muriy tartibda hujjatlar rasmiylashtirildi.

Avtomashinaga yetkazilgan moddiy zarar qoplandi.