5 yanvar kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari Sergeli tumanida 180 dona «Fatzorb» dori vositasini 2 kishi 600 ming so‘mga sotayotgan vaqtida ushladi. Ulardan birining mashinasida yana 72 dona «Fatzorb» borligi aniqlandi va ashyoviy dalil sifatida olindi.

Boshqarma xabariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda ozdiruvchi mahsulot deya sotilayotgan «Fatzorb» tarkibida «Sibutramin» kuchli ta’sir qiluvchi modda bor.

Kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka tortishga asos bo‘lishi eslatib o‘tilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ketyapti. Tekshiruv yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinadi, deyiladi xabarda.