O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida kontrakt to‘lovini to‘lash muddati 20 yanvarga qadar uzaytirildi, deb xabar bermoqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati.

Davlat komissiyasining tegishli qaroriga muvofiq 2022/2023 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari, magistratura mutaxassisliklariga to‘lov-kontrakt, jumladan, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar, o‘qishi ko‘chirilgan (ko‘chirib tiklangan) va qayta tiklangan talabalar o‘qishi uchun to‘lov haqini o‘tkazish hamda talabalar safiga qabul qilishni rasmiylashtirishning so‘nggi muddati 2023 yilning 20 yanvari etib belgilandi.

Shuningdek, qaror bilan 2022 yil 10 dekabrdan keyin kontraktini to‘laganlarning to‘lovi ham inobatga olinadigan bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, davlat OTMlarida to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddati 2022 yil 10 dekabrgacha uzaytirilgandi. O‘qishini ko‘chirayotgan talabalar uchun bir yillik o‘qitish qiymatining 50 foizini to‘lash va talabalar safiga qabul qilishning so‘nggi muddati ham 10 dekabr etib belgilangandi.