Qashqadaryoning Shahrisabz tumanida erkak o‘ziga tanish bo‘lgan ayolni kaltaklab, og‘ir jarohat yetkazdi. Oqibatda ayol shifoxonada vafot etdi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, 2023 yil 1 yanvar soat 19:00 larda fuqaro 1986 yilda tug‘ilgan J.S. (erkak) tanishi, 1987 yilda tug‘ilgan S.S. (ayol) bilan og‘zaki tortishib tortishib qoladi. Janjal oqibatida J.S. qo‘li bilan S.S. tanasining turli joylariga urib, jarohat yetkazgan.

Jabrlanuvchi 2 yanvar soat 3:00 larda bosh miya yopiq jarohati, bosh miyaning og‘ir darajada lat yeyishi, bosh miyaning 4-darajali komasi bilan Shahrisabz tumani tibbiyot birlashmasi jonlantirish bo‘limiga olib kelingan. Biroq, shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan S.S. shifoxonada vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan 2 yanvar kuni Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandi (Jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan. Shahrisabz tumani IIB TB tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.