1 yanvar kuni «Buxoro — Toshkent» yo‘nalishidagi Afrosiyob tezyurar elektropoyezdi Toshkent viloyatining Chinoz tumani hududida ikki soat to‘xtab qoldi, deya xabar qildi «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, poyezd elektr kuchlanishli sim tarmog‘idagi nosozlik sababli «Yangi Chinoz — Chinoz» peregon oralig‘ida to‘xtab qolgan.

Yo‘lovchilarni manzilga xavfsiz yetkazib kelish maqsadida 20:35 da Toshkent-Shimoliy vokzalidan zaxira Afrosiyob elektropoyezdi jo‘natilgan hamda ushbu poyezd Chinoz bekatiga 21:05 yetib borgan. Zaxira poyezdi soat 22:05 da Toshkent-Markaziy vokzaliga yetib kelgan.

«Yo‘lovchilarga yo‘l davomida qo‘shimcha issiq choy-kofe va oziq-ovqat bepul tarqatildi. 269 nafar yo‘lovchiga chipta narxi to‘liq qaytarib beriladi», — deyiladi xabarda.