Bir yilda nechta kitob o‘qiysiz? Kuningizning qancha qismini mutolaaga sarflaysiz? Xohlaganingizdan ko‘ra kam, to‘g‘rimi? Ish-tashvishning tugamasligi yoki shunchaki hafsala, xohish yo‘qligi bahona bunga. «Gazeta.uz» kitobxonlikni targ‘ib etish, o‘quvchini ko‘p va xo‘b o‘qishga undash niyatida «Nima o‘qiymiz?» savoli bilan olim, tadqiqotchi, jamoat faoli, yozuvchi-shoir, tarjimon va boshqalarga yuzlanadi, ularning yil davomida o‘qigan yo o‘qilishi shart deb sanagan kitoblari tavsiyasini sizga yetkazadi. Maqsad juda oddiy — kitobxon bo‘laylik!

«Nima o‘qiymiz?» loyihasining navbatdagi mehmoni — Bi-bi-si O‘zbek xizmati muxbiri, jurnalist Ibrat Safo.

Yaqin orada o‘qilgan kitoblardan tavsiyalar

So‘nggi uch-to‘rt yil ichida mumtoz adabiyotga qiziqib qoldim. Bu asarlarning ba’zilarini o‘smirligimda o‘qiganman, lekin odam yoshi o‘tgani sari bir asarni ikki xil talqinlar ekan. Har holda, menda shunday bo‘lyapti. Yaqinda Toshkentga borganimda, «Akademnashr»ning do‘konidan bir qancha kitoblar orasida Cho‘lponning «Kecha va kunduz» asarini sotib oldim. Do‘konda turib nashriyot izohini o‘qib ko‘rsam, bu yangi kitob asarning 1936 yildagi ilk nashri matniga moslab tayyorlangani yozilibdi. Demak, originaliga yaqin, qayta o‘qish kerak, dedim. O‘smirligimda uni bir ertakdek o‘qiganman — uning naqadar buyuk asar ekanini na anglagan, na qadrlagan chiqibman.

ибрат сафо, kitob, kitoblar, kitobxonлик, мuтолаа, niма o‘qiymiz

«Kecha va kunduz»ni qayta o‘qib, Cho‘lpon tengi yo‘q yozuvchi ekanini tushundim. Uning har bir qahramonni qanday tasvirlashi — o‘risu sart, boyu kambag‘al, mingboshiyu xizmatkor, johilu jadidlarga bu qadar nozik ta’rif berishi bilan meni bu safar kitob o‘z komiga tortdi. Romanda bir necha qiziq uslublar qo‘llangan — misol uchun, poyezddagi kundalik uslubi. Unda adib Maryam va Miryoqubning o‘ylarini kundalik tarzida bizga yetkazadi.

Uni har birimiz qayta-qayta o‘qisak arziydi, chunki 100 yil avval millatimiz qay ahvolda bo‘lganini bilamiz. Jadidlarni ko‘p gapiramiz, lekin Cho‘lpon bu asarda ularning kapitalist va sotsialist turlarini ham izohlaydi. «Madaniyatsiz xalq»ning mingboshilari, imom va eshonlari rus noyib to‘ralarga qanchalar itoatkorligi, quldek ko‘rilgan «millat» vakillarining o‘zaro ziddiyatlari, siyosiy o‘yinlardan tortib har bir oiladagi maishiy mashmashalarni ham Cho‘lpon o‘ta zo‘r tasvirlagan. Tarix takrorlanadi, deb to‘g‘ri aytganlar. Kitobdagi imomlarning rus noyib va mingboshilar buyurtmasi bilan juma namozidan keyin xalqni allalashlari, aminmanki, ko‘plarga bugunni eslatadi.

Oxirgi yillarda millatimiz tarixidan so‘zlovchi kitoblarga qiziqishim ortgan, chunki angladimki, maktabda bizga tarixni noto‘g‘ri o‘rgatganlar.

Quyidagi uchta kitob ham xorijda, ingliz tilida nashr etilgan. Ularni o‘qirkanman, xolisona yondoshuv va haqiqiy izlanishni sezdim:

  • Adeeb Khalid. «The Politics of Muslim Cultural Reform. Jadidism in Central Asia». University of California Press nashriyoti. 1999 yil. 400 sahifa;
  • Alexander Morrison. «The Russian Conquest of Central Asia: A Study in Imperial Expansion, 1814−1914». Cambridge University Press nashriyoti. 2021 yil. 640 sahifa;
  • Aminat Chokobayeva, Cloe Drieu, Alexander Morrison. «The Central Asian Revolt of 1916: A Collapsing Empire in the Age of War and Revolution». Manchester University Press nashriyoti. 2019 yil. 384 sahifa.

ибрат сафо, kitob, kitoblar, kitobxonлик, мuтолаа, niма o‘qiymiz

Uchala kitob ham Markaziy Osiyo tarixini rus imperialist va oriyentalistcha ekzotik kontekstdan tashqarida tahlil qilishga uringani bilan e’tiborimni tortdi. Uchovi ham osonlikcha o‘qilmaydi — ma’lumot juda ko‘p, shu sabab bobdan bobga sakrab, uchovini ham hali to‘liq o‘qib tugatganim yo‘q. Ro‘yxatdagi uchinchi kitob mualliflaridan biri Kloye Driyu Jizzax qo‘zg‘oloni haqida juda qiziq ma’lumotlarni bergan. U bilan 1916 yilgi qo‘zg‘olon haqida intervyu ham qildim. Bu qo‘zg‘olon haqida 1950 yillardan beri hech qanday kitob nashr etilmagan ekan.

ибрат сафо, kitob, kitoblar, kitobxonлик, мuтолаа, niма o‘qiymiz

Avvallari qo‘zg‘olonga oq poshshoning o‘rta osiyolik erkaklarni Birinchi Jahon urushiga mardikor sifatida safarbar qilish haqida farmoyishi sabab bo‘lgan deyilardi, lekin, bu kitob mualliflari fikrida, asl sabablar boshqa. Ularga ko‘ra, xalq ko‘tarilishiga yer islohoti (masalan, unumli yerlarning Rossiyadan ko‘chirib keltirilgan aholiga tortib olib berilishi, yangi soliqlar) sabab bo‘lgan. Bu intervyuni ko‘rishni va kitoblarni o‘qishni tavsiya qilaman, chunki bu davrda o‘zgarishlar juda tez va juda ko‘p bo‘lgan hamda bugungi kimligimizni shakllantirgan.

ибрат сафо, kitob, kitoblar, kitobxonлик, мuтолаа, niма o‘qiymiz

Aleksandr Morrisonning esa bizning ongimizga singdirilgan «katta o‘yin» — ikki imperiya to‘qnashuvi qanchalar bo‘rttrib ko‘rsatilgani va bu rus/sovet rahbariyati uchun qanchalar manfaatli bo‘lgani haqidagi fikrlari ham qiziq bo‘ldi.

ибрат сафо, kitob, kitoblar, kitobxonлик, мuтолаа, niма o‘qiymiz

Vatanimiz tarixidan tashqari men Ispaniya tarixiga oid kitoblarni ham qiziqib o‘qiyman. Yaqinda Jerald Brenanning «South from Granada» asarini maza qilib o‘qidim va andalusiyalik ispanlar naqadar o‘zbeklarga o‘xshashiga yana bir bor amin bo‘ldim. Brenan g‘aroyib shaxs bo‘lgan. Birinchi Jahon urushidagi harbiy xizmati uchun olgan to‘lov bilan u Angliyani tark etib, butkul o‘zga mamlakatda qo‘nim topishga qaror qiladi. Buning uchun u men sevadigan Alpuharra tog‘laridagi qishloqni tanlaydi. Asarda u tog‘u toshlar oralab piyoda yurib yo‘liqqan sarguzashtlari bilan bir qatorda mahalliy xalqning o‘ziga xosliklari va hatto o‘simliklarini o‘rgangan. Uni ko‘rishga Angliyadan bir necha adiblar doxil Viktoriya Vulf ham keladi. Yegenga Lanxarondan eshaklarda o‘tish sahnasi o‘qib ko‘p kuldim. Tog‘ning tepasida, qoyalarga osilgan Lanxaronga ko‘p boraman va uning atrofida eshakda harakatlanishni tasavvur qilolmayman, chunki hatto mashina zo‘riqadi.

ибрат сафо, kitob, kitoblar, kitobxonлик, мuтолаа, niма o‘qiymiz

Shunga o‘xshash, lekin yaqinroq o‘tmishni tasvirlab yozilgan asar Kris Styuartning «Driving over lemons» kitobidir. Undan andalusiyaliklar haqida ko‘p narsa o‘rgandim. Nega u yerdagi qishloq odamlari suv serob bo‘lsa-da, sug‘orish sabab ko‘p janjallashadi, deb o‘ylardim. Kitobda bu an’ana ajoyib tarzda izohlangan. «Sen sug‘orishni bilmas ekansan» degani alpuharraliklar uchun eng dahshatli haqorat ekan. Kris Styuart gazsiz, elektrsiz, hech qanday zamonaviy qulayliklarsiz o‘zi va oilasiga kichik ispan qishlog‘ida hayot yaratar ekan, sarguzashtlarini hajv aralash qog‘ozga tushirgan. Natija — juda tez o‘qiladigan asar.

ибрат сафо, kitob, kitoblar, kitobxonлик, мuтолаа, niма o‘qiymiz

Rus yozuvchilaridan Vladimir Nabokov va Mixail Buлгаковni tavsiya qilgan bo‘lardim. Mumtoz asarlarni qayta o‘qish odatimga ko‘ra, yaqinda «Usta va Margarita» va «It yuragi» asarlarini yana o‘qidim. To‘g‘rirog‘i, 15 yoshimda «Usta va Margarita»dagi sahnalardan qo‘rqib, tugatolmagandim. Ammo bu safar o‘zgacha bir ixlos bilan o‘qib bitirdim. Uning talqinlari ko‘p, ba’zilar siyosiy talqin ham beradi. Qanday talqin bermang, uning yozilish uslubi, undagi boy fantaziya, fantastik qahramonlar meni o‘ziga rom qildi.

ибрат сафо, kitob, kitoblar, kitobxonлик, мuтолаа, niма o‘qiymiz

Yoshlarga tavsiya

Yoshlar (18−30 yosh orasidagi yigit-qizlar) o‘qishi tavsiya etiladigan 10 kitob ro‘yxatini bermaganim yaxshi, deb o‘ylayman. Chunki har kim mening qiziqishim emas, o‘z qiziqishiga qarab kitob tanlagani yaxshi. Lekin, o‘qish kerak. Kitob yoqmasa, tugatish shart emas, boshqasiga o‘ting — menda bu ko‘p bo‘lgan. Asosiysi — o‘qish, o‘rganish, uqish. Bolaligimda har yakshanba kuni onam bilan bozor qilgach, Shovotning Qal’a degan joyidagi ajoyib kitob do‘koniga kirardik va onam albatta bitta kitob olib berardilar.

Kitobga ixlosni ota-onalar bolalikdan farzandlariga singdirsalar, fikrimcha, ular kengroq dunyoqarash va fantaziya bilan ulg‘ayadilar.