Hukumatning 28 dekabrdagi [726-son] qarori bilan ta’lim muassasalari uchun matbaa mahsulotlari xavfsizligi talablarini belgilashning umumiy texnik reglamenti tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Reglament bilan:

  • maktabgacha, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus hamda professional ta’lim sohasida foydalaniladigan matbaa mahsulotlarining xavfsizligiga qo‘yiladigan talablar;
  • yozuv uchun mo‘ljallangan matbaa mahsulotlariga ko‘yiladigan xavfsizlik talablari;
  • o‘quv nashrlari va qo‘shimcha ta’lim uchun nashrlar xavfsizligiga qo‘yiladigan talablar;
  • yozuv uchun matbaa mahsulotlari, o‘quv nashrlari va qo‘shimcha ta’lim nashrlarini qadoqlashga doir talablar;
  • matbaa mahsulotini identifikatsiyalash, namunalarni tanlash va nazorat qilish uslublari belgilandi.

Reglament foydalanuvchilarning hayoti va sog‘lig‘ini saqlash, atrof muhitni muhofaza qilish, shuningdek, iste’molchilarning chalg‘ishiga olib keluvchi harakatlarning oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan.

Jumladan, umumiy o‘rta ta’lim va o‘rta maxsus hamda professional ta’lim uchun o‘quv nashrlarida tor yoziladigan shriftlar qo‘llash mumkin emas.

Shuningdek, matbaa mahsulotlarida gazeta qog‘ozi va yaltiroq qog‘ozdan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Yosh toifasiga qarab nashrlar:

  • ️1−4-sinflar;
  • ️5−9-sinflar;
  • ️10−11-sinflarga mo‘ljallanadi.

Nashr vazni darsliklar uchun:

  • ️1−4-sinflar uchun 300 gramdan;
  • ️5−6-sinflar uchun 400 gramdan;
  • ️7−9-sinflar uchun 500 gramdan;
  • ️10−11-sinflar uchun esa 600 gramdan oshmasligi kerak.

1−4-sinflar uchun adabiyotlarda rangli bo‘yoqlar, shriftni belgilash, chizilgan shriftlar, ko‘p ustunli terish qo‘llanilmaydi.

Reglament rasman e’lon qilingan kundan e’tiboran 6 oy o‘tgach amalga kiritiladi.

Ma’lumot uchun, avvalroq, prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqaro kongress markaziga kelib, boshlang‘ich sinflar uchun ishlab chiqilgan yangi avlod darsliklari taqdimoti bilan tanishgandi. Shuningdek, boshlang‘ich sinflar uchun ishlab chiqilgan yangi darsliklar 1 yanvardan 14 ta hududda tajriba asosida o‘qitilishi ham qayd etildi.