Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida 18 dekabr kuni poyezd vagoni ustiga chiqqan 11 yoshli bolani tok urdi. Bu bo‘yicha «Millar» dasturida lavha e’lon qilindi.

Toshkent mintaqaviy temiryo‘l transporti xavfsizligini ta’minlash boshqarmasi navbatchilik qismiga tezkor xabar kelib tushgan. Unda «Nurhayot» temiryo‘l bekatida turgan yuk vagonlari ustiga chiqqan bola tok urishi oqibatida og‘ir tan jarohati olgani ma’lum qilingan.

Voqea sodir bo‘lgan kunda 11 yoshli bola temiryo‘l yaqinidagi ko‘p qavatli uyda yashaydigan qarindoshining uyiga kelgan. Ogohlantirish belgilariga qaramay, 27 ming kuchlanishli tok mavjud bo‘lgan hududga kirgan.

Tok urishi oqibatida yerga yiqilgan bolaga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan, so‘ng Chilonzor tumanidagi 16-sonli shifoxonaga olib ketilgan.

Ayni vaqtda bola Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida davolanmoqda. Kombustiologiya bo‘limi mudirining ma’lum qilishicha, markazga keltirilganda bolaning ahvoli juda og‘ir bo‘lgan, tananing 80 foizi kuygan. Hozirda bemorning ahvoli ijobiy tomonga o‘zgarib, stabil og‘ir deb baholanmoqda.