27 dekabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Qatarning mamlakatdagi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Hasan Hamza Hoshimni qabul qildi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Vazir ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilib olar ekan, elchini lavozimga kirishgani bilan tabrikladi va uning mas’uliyatli faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi. Ikki davlat munosabatlarining siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zbekiston va Qatar ko‘p qirrali ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun salmoqli salohiyatga ega ekani ta’kidlandi. Tomonlar ikki tomonlama siyosiy muloqot faollashganini qayd etib, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalardagi hamkorlikni sezilarli darajada oshirish tarafdorligini bildirdi.

«Elchini lavozimga kirishishi bilan tabriklayman va professional faoliyatida muvaffaqiyatlar tilayman. Qatarning mamlakatimizda elchixonasi ochilishini esa oqishlaymiz. Ishonchim komilki, Qatar diplomatik missiyasining 2023 yildan boshlab faoliyat yuritishi ikki tomonlama hamkorlik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi», — dedi Vladimir Norov.

Shuningdek, parlamentlararo muloqotni kuchaytirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. Madaniy-gumanitar va turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

Ma’lumot o‘rnida, shu paytga qadar Qatarning Erondagi elchisi O‘zbekistonga, shuningdek, O‘zbekistonning Quvaytdagi elchisi Qatar uchun mas’ul bo‘lib kelgan.