O‘zbekistonda bosh vazir o‘rinbosarlari soni ikki barobarga qisqartiriladi. Bu prezidentning «Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida ko‘zda tutilgan.

2023 yil 1 yanvardan boshlab 8 nafar bosh vazir o‘rinbosari va 3 nafar bosh vazir maslahatchisi lavozimlari o‘rniga faqat 4 nafar bosh vazir o‘rinbosari qoldiriladi. Bosh vazir o‘rinbosari bir vaqtning o‘zida vazir yoki boshqa rahbarlik lavozimini egallamaydi hamda vazirliklar va boshqa davlat idoralari faoliyatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqarmaydi.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasida amaldagi 269 ta shtatdan 120 tasi qoladi.

Bunda, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalar bo‘yicha kotibiyatlar, departamentlar va ular huzuridagi bo‘limlar, shuningdek, Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi, Harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik ta’minlash bo‘limi, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘limidan iborat Vazirlar Mahkamasi apparati tugatilmoqda.

Uning o‘rniga Hukumat rahbari faoliyatini huquqiy, tashkiliy-texnik, axborot-tahliliy va protokol jihatdan ta’minlaydigan Bosh vazir kotibiyati tashkil qilinmoqda.

Vazirlarning siyosiy maqomi, vakolatlari, prezident, parlament va jamoatchilik oldidagi siyosiy mas’uliyati hamda javobgarligi keskin oshirilmoqda. Ularning sohaga ajratiladigan mablag‘larni ishlatishdagi mustaqilligi belgilanmoqda.

Shuningdek, ajratilgan mablag‘lar va umumiy shtat birligi doirasida vazirlarga o‘z tuzilmasini mustaqil belgilash vakolati berilmoqda.

Vazirlar konstitutsiyaviy maqomidan foydalangan holda, bosh vazir bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan tizim joriy etilmoqda. Ya’ni, Hukumat qarorlari loyihalari, mamlakat hayotidagi muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalar vazirlar ishtirokida muhokama qilinib, kollegial hal etiladi.

Vazirlik va idoralarning funksiyalari qayta ko‘rib chiqilib, bir-birini takrorlaydiganlari qisqartiriladi. Bunda, xususiy sektorga o‘tkazilayotgan davlat funksiyalari kamida 3 barobarga ko‘paytiriladi.

Avvalroq O‘zbekistonda vazirlik va idoralar soni 61 tadan 28 taga kamaytirilishi, 20 ta idora butunlay tugatilishi haqida yozgan edik.