Bir yilda nechta kitob o‘qiysiz? Kuningizning qancha qismini mutolaaga sarflaysiz? Xohlaganingizdan ko‘ra kam, to‘g‘rimi? Ish-tashvishning tugamasligi yoki shunchaki hafsala, xohish yo‘qligi bahona bunga. «Gazeta.uz» kitobxonlikni targ‘ib etish, o‘quvchini ko‘p va xo‘b o‘qishga undash niyatida «Nima o‘qiymiz?» savoli bilan olim, tadqiqotchi, jamoat faoli, yozuvchi-shoir, tarjimon va boshqalarga yuzlanadi, ularning yil davomida o‘qigan yo o‘qilishi shart deb sanagan kitoblari tavsiyasini sizga yetkazadi. Maqsad juda oddiy — kitobxon bo‘laylik!

«Nima o‘qiymiz?» loyihasining navbatdagi mehmoni — jurnalist va filolog, bir qator kitoblar va qo‘llanmalar muallifi, jamoatchilik faoli Shahnoza Soatova.

Yaqin orada o‘qilgan kitoblardan tavsiyalar

Turli janrdagi kitoblarni o‘qiyman. Ancha yillar nashriyotlarda muharrirlik qilganim uchun, kasb taqozosi bilan, ya’ni muharrir yo musahhih sifatida o‘qigan kitoblarimni mutolaa hisoblamayman, ularni o‘qilgan kitoblar qatoriga qo‘shmayman. Chunki u boshqacha o‘qish, unda matnga professional talablar bilan qaraysiz, ko‘pincha mutolaa zavqini his qilmaysiz. Hatto o‘zim muharrirlik qilgan kitoblarni nashrdan chiqqach o‘quvchi sifatida qayta o‘qib chiqqan hollarim ham bo‘lgan.

Men faqat ko‘ngil chopib, tanlab, ishdan bo‘sh vaqtlarda yo atay bo‘sh vaqt ajratib o‘quvchi sifatida o‘qigan kitoblarim haqida gapiraman. Tabiiyki, ular orasida badiiy adabiyot katta o‘rinni egallaydi. Men badiiy asarlarni har qanday kasb-yo‘nalish-soha vakillari o‘qishi shart bo‘lgan yo‘nalish deb hisoblayman. Nazarimda, tasavvurni, kreativlikni, noodatiy fikrlashni rivojlantirishda badiiy asarlarga hech bir yo‘nalish teng kela olmaydi.

Loyihadan maqsad kitobxonlikni ommalashtirish ekan, so‘nggi paytlarda o‘qigan asarlarim orasidan har qanday kasb, saviya, daraja, dunyoqarashli kitobxon uchun tushunarli va manfaatli bo‘la oladigan asarlardan tavsiya qilaman.

Temurpo‘lat Tillayev. «O‘lim o‘pqoni». «Akademnashr» nashriyoti. 2021 yil. 134 sahifa

kitob, kitoblar, kitobxonлик, mutolaa, niма o‘qiymiz, шаҳноза соатоva

«…yulduzlar yiroqligidan, oy oydinligidan, oftob otashligidan, yer yumshoqligidan, tosh qattiqligidan, suv suyuqligidan, tun qorong‘iligidan, yo‘l uzunligidan norozi qichqirmoqda. Odamlar jim, odamlar jim, odamlar jim!»

Mistika, fantastika aralash o‘ta realistik tasvir. Dahshatli voqealar shu qadar tiniq, serrang va real tasvirlanganki… Ayniqsa yetti kun yog‘gan yomg‘ir ichida sodir bo‘layotgan falokatlarni deraza ortida rostanam yomg‘ir yog‘ib turganda o‘qiganman… Dahshat bosgan. Bir uxlab turib, bozorga borib, konsertga tushib keldim hamki taassurotlar xiralashmadi, ehtiroslar bosilmadi. Haligacha asar epizodlari tasavvurimda gavdalanib turadi.

Tasavvur qiling, notanish asarni o‘qiy boshladingiz. Roviy syujetni bayon qilyapti: do‘sti unga o‘zining do‘stining sirli o‘limi haqida hikoya qilyapti va shu asnoda u marhumning kundaligini o‘qib beryapti. Asosiy voqealar o‘zi shu kundalikda yozilgan, ammo ungacha o‘quvchi nechta hikoya ichidagi hikoyalardan o‘tib borishi, qancha dahshatlarni boshdan kechirishi kerak. Daftarni har bir hikoyachi o‘qiydi va esi og‘ib qolaveradi. Oxirida o‘sha daftarga yetib borgan o‘quvchini ham dahshat bosadi — men ham esdan og‘amanmi endi deb. Kompozitsiya shunaqa — kvest, labirint!

Syujetga joylangan fikr esa undan ham dahshat — qahramon haqiqat qidiradi, topadi, topgan haqiqatini ichda saqlasa, esdan og‘ib o‘ladi, birovga aytsa, o‘ldirishadi. Aytsam o‘ldirurlar, aytmasam o‘lam… Tillariga zanjir osgan itbaliqlar, deydi qahramon jim yurganlarni.

Yoshligimda qo‘rqinchli film ko‘rsam, qo‘rqsam ham oxirigacha borardim — bu menga qo‘rquvlarimni yengish uchun mashq bo‘lardi. Film oxirigacha joriy qo‘rquvni yengib borishni eplash oson, ammo filmni ko‘rib bo‘lgach davom etadigan qo‘rquvning uzun dumini kesib tashlash qiyin bo‘lardi: necha kungacha kechasi hovliga yelg‘iz chiqishga qo‘rqib yurardim. «O‘lim o‘pqoni» menga qo‘rquv bilan tango tushishni o‘rgatgan.

O‘rxon Kamol. «Dengizga otilgan ayol». «Yangi asr avlodi» nashriyoti. 2021 yil. 384 sahifa

kitob, kitoblar, kitobxonлик, mutolaa, niма o‘qiymiz, шаҳноза соатоva

Bosh qahramoni ayollar bo‘lgan asarlar ko‘pincha bestsellarga aylanarkan — kitob bozorining yozilmagan qonuniyati shu.

Turk yozuvchisi O‘rxon Kamol qalamiga mansub — turmush o‘rtog‘ining qaltis qarori sabab umri xazon bo‘lgan bir ayol kechmishlari ifodalangan «Dengizga otilgan ayol» romani sodda ifodasi va juda qiziqarli, dinamikali syujeti bilan bir nafasda o‘qiladi.

Asar XX asrning 20-yillaridan 50-yillariga bo‘lgan voqealarni qamrab oladi. Unda O‘rxon Kamolgagina xos o‘tkir qiziqarli fabula bilan ishlash va uni bir nafasda o‘qiladigan qiziqarli syujetga aylantirish mahorati ko‘zga tashlanadi.

Eri tomonidan ko‘chaga haydalgan ayolning sarson va sarosar kechmishlarini o‘qir ekansiz, ta’sirlanasiz, qayg‘ulanasiz, o‘ylanasiz, muhim xulosalar qilasiz. Faqat bu jarayonlarning qiziqarli mutolaa zavqi aro kechayotganni sezmay ham qolasiz.

Muhimi, qiz bolaga o‘z sha’nini himoya qilish, haq-huquqlarini tanish, irodali bo‘lish bilan birga ta’lim hamda tarbiya ham har bir davr uchun dolzarb masala bo‘lib qolajagiga amin bo‘lasiz.

Anni Shmidt. «Mushuklar malikasi Minush». «Akademnashr» nashriyoti. 2021 yil. 192 sahifa

kitob, kitoblar, kitobxonлик, mutolaa, niма o‘qiymiz, шаҳноза соатоva

" — Ichimda ikkita mavjudot doim it-mushuk, jiqqamusht bo‘layotgandek. Biri — chalamushuk, boshqasi esa chalaodam.
— Shunaqa deng… — endi doktor ham beixtiyor xo‘rsindi. — Bus-butun odam bo‘lish ham ba’zan odamga malol keladi aslida…"

Anni Shmidtning ajoyib allegorik asari (ijtimoiy ertak)ni o‘qib chiqib, hayotda odamlar va mushuklar roli almashib qolganmi deganman: mushuklar faolroq, aqlliroq, uyushqoqroq, yolg‘onga nisbatan isyonkorroq, adolatsizlikka toqatsizroq… Xullas, odamlardan yaxshiroq, degan xulosaga rozi bo‘lishdan boshqa chora qolmagandi.

Odamga aylanib qolgan birgina aqlli va adolatparvar mushukcha yerdagi hayotni tomga ko‘chiradiyu, jamiyatni tom ma’noda o‘zgartiradi: so‘z erkinligi, jamoatchilik nazorati, jinoyatlarni fosh qilish, qonun ustuvorligi, adolatli munosabatlar, korrupsiya va to‘rachilikka qarshi kurash… kabi yo‘nalishlarda butun shahar aholisiga ajoyib saboq beradi. Shuningdek, uyushgan, birdam, hamjihat jamiyat qanday bo‘lishi kerakligini ham ko‘rsatadi.

Asar zamonamizga tashqaridan nazar tashlashga va muhim savollarni oldimizga qo‘yishga undaydi: qayerda ustunmizu, qay joyda zaif? Nimani to‘g‘ri yo noto‘g‘ri qilyapmiz? Nimada faolmizu, nimalarga jur’atimiz yetmayapti? Nima uchun biz mushuklardek yo‘l tutmayapmiz?

Anni Shmidt — Hans Kristian Andersen nomidagi xalqaro Oltin medal sohibasi, niderland adabiyotining eng yorqin vakillaridan biri. Mukofotni olayotib u: «Faqat haqiqat, bitta ham yolg‘on so‘z yo‘q», — deydi. «Mushuklar malikasi Minush» ham asli ertak bo‘lsa-da, boshdan oyoq rost.

Ushbu asarni onalar bolalariga albatta o‘qib berishlari kerak. Chunki bolalarga asarning qiziqarli syujeti yoqadi: qizim o‘n kun davomida uxlashdan oldin quloq qoqmay oyisi tilidan «Minush»ni tinglagandi.

Yoshlarga tavsiyalar:

Shuningdek, o‘qishga tavsiya qiladigan kitoblar (16+):

  • Andrey Platonov. «Jon»;
  • Jorj Oruell. «1984»;
  • Cho‘lpon. «Kecha va kunduz»;
  • Usmon Turon. «Turkiy xalqlar mafkurasi»;
  • Nazar Eshonqul. «Urush odamlari»;
  • Mirzakalon Jo‘rayev. «Majnun»;
  • Nabijon Boqiy. «Qatlnoma»;
  • Adib Xolid. «O‘zbekiston tavalludi»;
  • Baxtiyor Abdug‘ofur. «Madaminbek. Qonli gullar vodiysi»;
  • Rey Bredberi. «Momaqaymoq sharobi», «Farengeyt bo‘yicha 451 daraja»;
  • Somerset Moem. «Oy va chaqa», «Teatr», «Insoniy ehtiroslar uqubati»;
  • Jerom Sellinjer. «Javdarzordagi qo‘ruvchi» (The Catcher in the Rye);
  • Xarper Li. «Mazaxchi qushni o‘ldirish» (To Kill a Mockingbird);
  • Akutagava Ryunoske hikoyalari;
  • Ken Kizi. «Kakku uyasi uzra parvoz» (One Flew Over the Cuckoo’s Nest);
  • Aleksandr Soljenitsin. «Rak korpusi», «Ivan Denisovichning bir kuni».