O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 dekabr kuni Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar qilmoqda prezident matbuot xizmati.

Suhbat avvalida davlat rahbari Ozarbayjon yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va yangi zafarlar, qardosh Ozarbayjon xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

Oliy darajadagi muntazam va samarali muloqotlar tufayli O‘zbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari barcha yo‘nalishlarda jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Davlat rahbarlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo shartnomalari va uzoq muddatli investitsiya bitimlarining portfelini kengaytirish muhimligini qayd etdi.

Shu kunlarda O‘zbekiston delegatsiyasi hamkorlik loyihalarining amalga oshirilishini tezlashtirish choralarini kelishish uchun Boku shahrida bo‘lib turgani ta’kidlandi.