Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev deputatlik faoliyatini yakunlashini e’lon qildi. U bu haqda o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.

Kusherbayev postda bunga nima sabab bo‘lgani haqida ma’lumot keltirmagan.

«Bunday ishlay olmas ekanman. Bunga majbur bo‘lganimdan afsusdaman. Ishonch bildirgan, qo‘llab-quvvatlagan barchaga rahmat! Rozing bo‘linglar! Nasib qilsa qolganini vaqt ko‘rsatadi. Alloh madadkor bo‘lsin!», — deb yozadi u.

Avvalroq u Twitter`da davlat budjeti loyihasining joriy muhokamasida qatnashmagani haqida yozgan edi.

«Bu safargi budjet muhokamalarida ishtirok etmadim. Katta hajmdagi loyihani o‘qishga ham yetarli vaqt berilmadi. 1-o‘qishda yalpida so‘z so‘rasam zam spiker Ulug‘bek Inoyatov ochiqchasiga so‘z bermadi. So‘ng majlisdan chiqib ketdim va kirmadim. Deputatlarni og‘zini yopadigan zamlarni boridan yo‘g‘i yaxshi», — deb yozadi u.

«Gazeta.uz» Qonunchilik palatasi 2023 yilgi davlat budjetini 3 soatdan kam vaqt ichida (3 o‘qishda) muhokama qildi va tasdiqlagani haqida yozgandi. Qonun loyihasining o‘zi salkam bir hafta oldin quyi palataga kiritildi va jamoatchilik muhokamasiga ham taqdim etilmadi. Hujjat deyarli bir ovozdan, tanqidlarsiz qabul qilindi.

Rasul Kusherboyev muntazam ravishda jurnalist va blogerlarni himoya qilish, monopoliyaga qarshi chiqish, hukumat va hokimlar qarorlari va boshqa masalalar yuzasidan fikr bildirib kelar edi.