23 dekabr kuni Toshkent shahrida Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi bilan Qoraqalpog‘istonda umumiy quvvati 1500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha shartnomalar imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar qildi.

Marosimda, Saudiya Arabistoni Investitsiyalar vaziri Xalid al-Falih, ACWA Power kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan, O‘zbekiston Energetika vaziri J.Mirzamahmudov, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Mazkur yirik quvvatli shamol elektr stansiyasi 2026 yilda ishga tushirilishi, yiliga 5,2 mlrd kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi va buning natijasida yiliga 1,5 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalishi rejalashtirilgan.

Stansiyada 300 MVt/550 MVt-soat elektr saqlash kimyoviy batareyalari (akkumulyatorlar) o‘rnatiladi. Ushbu batareyalar shamol turbinalaridan chiquvchi o‘zgaruvchan elektr energiyasini rostlab beradi.

Eslatib o‘tamiz, Qoraqalpog‘istonda shamol elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuv 2021 yil may oyida O‘zbekiston Energetika vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va ACWA Power kompaniyasi o‘rtasida imzolangan edi. Ushbu shamol elektr stansiyasi ishga tushirilgach, Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirigi bo‘lishi kutilmoqda.