Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev tor va kengaytirilgan doirada muzokaralar o‘tkazdi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.

Uchrashuv avvalida O‘zbekiston rahbari qozog‘istonlik hamkasbi va ko‘p millatli Qozog‘iston xalqini 16 dekabr kuni nishonlangan Mustaqillik kuni bilan samimiy tabrikladi.

Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston O‘zbekistonning eng yaqin va ishonchli hamkori ekanini ta’kidladi. «O‘zbek va qozoq xalqlari — nafaqat yaqin qo‘shni, balki mushtarak tarixiy meros, madaniy va ma’naviy qadriyatlar bilan bog‘langan qardoshlardir. Bu bizning bebaho boyligimiz, biz uni qadrlaymiz va qadrlashda davom etamiz. Bizning taqdirimiz bir, kelajagimiz ham umumiy, men bunga ishonaman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Siyosiy, savdo-iqtisodiy, energetika, qishloq xo‘jaligi, suv va boshqa sohalardagi munosabatlarni tubdan kengaytirish masalalari muzokaralarning asosiy mavzusi bo‘ldi.

Davlat rahbarlari qariyb 5 milliard dollarga yetgan o‘zaro savdo hajmi jadal ortib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Yirik kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Mintaqaviy va xalqaro kun tartibi yuzasidan fikr almashildi, Markaziy Osiyoning barqaror taraqqiyotini ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni bundan buyon ham davom ettirishga intilish qat’iy ekani ta’kidlandi.

ўзбекистон - қозоғистон, шавкат мирзиёев, қасим-жомарт тоқаев

Shavkat Mirziyoyev kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuvda ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligining barcha yo‘nalishlarida salmoqli natijalarga erishilayotganini ta’kidladi.

«Xalqlarimiz tarixi va taqdiri chambarchas bog‘liq, biz etu tirnoq bo‘lib ketganmiz, dolzarb masalalarni birgalikda hal qilayapmiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston prezidenti shu kunlarda butun O‘zbekiston bo‘ylab qozoq xalqining buyuk farzandi, shoir va mutafakkir Abay Qo‘nonboyevning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

«Bugun ikkita tarixiy hujjatni imzolaymiz. Qardosh xalqlarimizning tub manfaatlariga javob beradigan hamda O‘zbekiston-Qozog‘iston munosabatlari tarixida yangi bosqich boshlaydigan Ittifoqchilik to‘g‘risidagi shartnomani alohida qayd etmoqchiman. Ittifoqchilik — davlatlararo hamkorlikning eng yuqori darajasi, o‘zaro ishonch belgisi. Shu bilan umumiy kelajagimizni birgalikda qurishga intilishimizni tasdiqlayapmiz».

«Davlat chegaralarini demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnoma aloqalarimiz mustahkamligidan dalolat beradi, mintaqada tinchlik va xavfsizlik maqsadlariga xizmat qiladi. Chegaralarimiz doimo do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik hududi bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

ўзбекистон - қозоғистон, шавкат мирзиёев, қасим-жомарт тоқаев

Qozog‘iston Prezidenti ikki tomonlama munosabatlarning bugungi yuksak darajasini mamnuniyat bilan qayd etdi. «Mushtarak tarixga, xalqlarimizning qardoshlik rishtalariga tayanib, Qozog‘iston va O‘zbekiston mustahkam, uyg‘un munosabatlarni yo‘lga qo‘ydilar», — dedi Qasim-Jomart Toqayev.

Shavkat Mirziyoyevga bunyodkorona siyosati va Qozog‘iston-O‘zbekiston munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shayotgan ulkan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi. Davlat rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab, ushbu islohot O‘zbekiston taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor bo‘lishiga ishonch bildirdi.

Hamkorlikni kengaytirish yo‘nalishlari

Tomonlar hamkorlikning o‘zagi iqtisodiyot ekani, ikki mamlakatning ulkan salohiyatidan foydalanishga e’tiborni kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi. Xususan, oxirgi besh yilda o‘zaro savdo hajmi ikki barobardan ziyodga ortdi, joriy yil yakunida esa besh milliard dollarga yaqinlashadi. Talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish orqali yaqin yillarda tovar ayirboshlashni karrasiga oshirish maqsadida bosh vazirlar o‘rinbosarlari boshchiligida ishchi guruh tuzish va qo‘shma tashqi savdo kompaniyasini tashkil etishga kelishib olindi.

Kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi. Bugun energetika, avtomobilsozlik, kimyo, elektrotexnika, qurilish, logistika va boshqa sohalarda yirik loyihalarga start berilishi mamnuniyat bilan qayd etildi.

ўзбекистон - қозоғистон, шавкат мирзиёев, қасим-жомарт тоқаев

«Hozirda loyihasi ishlab chiqilayotgan Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi yangi loyihalarni shakllantirish uchun muhim maydon bo‘lishiga ishonaman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Hududlar o‘rtasidagi hamkorlikning ulkan salohiyatidan maksimal darajada foydalanish zarurligi ta’kidlandi. Jumladan, kuni kecha o‘tgan biznes forum yangi investitsiya bitimlari va savdo shartnomalarning salmoqli to‘plami imzolandi.

Yana bir muhim yo‘nalish — energetika. Shavkat Mirziyoyev energetika quvvatlarini modernizatsiya qilish va qurish, geologiya qidiruvi va tabiiy gazni chuqur qayta ishlash bo‘yicha loyihalarni ilgari surishga kelishib oldi.

Tranzit salohiyatidan foydalanish va uni oshirish hamkorlikning muhim sohalaridan biri sifatida qayd etildi.

«Bugun biz yuk tashishlarning barqaror o‘sishiga erishdik, ikki tomonlama va tranzit tashishlar uchun qulay sharoitlar yaratishga kelishdik. Yuk tashish hajmini bir necha barobar oshirish maqsadida transport infratuzilmasini kengaytirishga qaratilgan loyihalarni tezlashtirishga ahdlashib oldik», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentlar parlamentlararo muloqotlar va madaniy-gumanitar almashinuvlarni yanada mustahkamlash va kengaytirish muhimligini ta’kidladilar.

«Oliy darajadagi barcha kelishuvlar ijrosini monitoring qilish uchun Parlamentlararo kengash imkoniyatlaridan foydalanish zarur», — dedi O‘zbekiston rahbari.

Muzokaralar yakunida ikki davlat hukumatlariga erishilgan barcha kelishuvlar ijrosini qat’iy nazoratga olish va tegishli «yo‘l xaritasi»ni kelishish topshirildi.