Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi direktori M.Azizovning viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Davronbek Jumaniyozovga yozgan xati nusxasi paydo bo‘ldi, unda «Dok-1 Maks» tabletkalari va siropini qabul qilgan bemorlarda asoratlar yuzaga kelgani va o‘limi haqida so‘z boradi.

15 dekabrdagi maktubida u so‘nggi oylarda viloyat aholisi, ayniqsa, bolalar o‘rtasida respirator virusli infeksiyalar keng tarqalgani, birlamchi bo‘g‘inda faoliyat ko‘rsatayotgan vrachlar tomonidan (ba’zan onalarning o‘zlari) «Dok-1 Maks» preparati juda ko‘p qo‘llanilayotganini qayd etgan. Ushbu preparatning tarkibi paratsetamol, gvayfenizin va fenilefrindan iborat

док-1 макс, dori vositalari

«„Dok-1 Maks“ preparati qo‘llanilganda, juda ko‘p holatlarda nojo‘ya ta’siri oqibatida bizga murojaat qilmoqda. Asosan bolalarda buyrak zararlanishi va yetishmovchiligi belgilari namoyon bo‘lmoqda», — deyiladi maktubda.

Unda aytilishicha, oxirgi 2 oyda 21 nafar bemor shu dori vositasini qabul qiligandan so‘ng nojo‘ya ta’siri bilan murojaat qilgan.

Bemor bolalarda asosan anuriya kutilgan. Bulardan 17 tasida kasallik nihoyatda og‘ir kechdi. Hatto bir necha gemodializ seanslarini o‘tkazishga ham to‘g‘ri keldi. 15 nafar o‘lim holati kuzatildi", — deyiladi maktubda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga maktubning to‘g‘riligini tasdiqladi.

22 dekabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga tayangan holda Bemorlar ahvolini o‘rganish va holat sabablarini aniqlash maqsadida tezkor mutaxassislar guruhi tuzilganini ma’lum qildi.

Uning tarkibiga agentlik hamda Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazining malakali mutaxassislari kiritildi.

Samarqanddagi dorixonalardan xarid qilingan Hindistoning Marion Biotech Pvt. Ltd kompaniyasiga tegishli «Dok-1 Maks» tabletka va limon va asal ta’mli sirop dori vositalari o‘rnatilgan tartibda ekspertizadan o‘tkazilmoqda. Laboratoriya tahlillari yakunlangach, uning natijalari haqida e’lon qilinadi.

Ushbu dori vositalarining yurtimizdagi savdosi 22 dekabrdan vaqtincha to‘xtatildi va bu haqda «Quramax Medical» MCHJ tomonidan realizatsiya qilingan tashkilotlarga xabar yuborildi.