Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda voyaga yetmagan shaxs bilan IIO xodimi o‘rtasidagi og‘zaki mojaro aks etgan video yuzasidan munosabat bildirdi.

18 dekabr kuni taxminan soat 14:30 larda voyaga yetmagan 2007 yilda tug‘ilgan Yu.S. «102» raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, Bektemir tumanidagi savdo majmualaridan birida qandolat mahsulotlari xodimlari bilan o‘zaro janjallashgani yuzasidan xabar bergan.

Videoda bola xodisa to‘g‘risida og‘zaki ariza berganda ham xodim uni ro‘yxatga olishga majbur ekanini eslatib o‘tgan. Xodim esa faqat borib ariza yozish kerakligini aytgan va bolaga qo‘pollik qilishda davom etgan.

«Mazkur xabar yuzasidan yetib kelgan tuman IIO FMB PPX xodimlari voyaga yetmagan Yu.S.ga nisbatan qo‘pollik qilgan. Toshkent shahar IIBB rahbariyati fuqarolarga nisbatan xodimlar tomonidan qo‘pol muomalada bo‘lish holatlarini qoralaydi», — deyiladi xabarda.

Videodagi holat yuzasidan ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruv tayinlandi. Ta’kidlanishicha, qisqa muddat ichida xizmat tekshiruvi yakunlanib, aybdor xodimlarga nisbatan qat’iy chora ko‘rilishi ta’minlanadi.