O‘zbekiston Energetika vazirligi va Qirg‘iziston Energetika vazirligining qo‘shma bayonoti e’lon qilindi.

Unda aytilishicha, 2021 yil 11 martda Qirg‘iziston Energetika va sanoat vazirligi hamda O‘zbekiston Energetika vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi o‘rtasida imzolangan bayonnomaga muvofiq, elektr energiyasini o‘zaro yetkazib berish tasdiqlangan jadvallarga muvofiq amalga oshiriladi.

«Markaziy Osiyo mintaqasida suvning kamligi hisobga olinib, To‘xtagul suv omborining o‘ta og‘ir darajaga tushishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida tomonlar xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasidagi kelishuvlarga asosan Turkmaniston gazidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasini Qirg‘izistonga yetkazib berildi», — deyiladi bayonotida.

Shuningdek, shartnoma asosidagi kelishuvlarga muvofiq, elektr energiyasini Turkmanistondan Qirg‘izistonga O‘zbekiston energetika tizimi orqali tranzit qilish energetika tizimlarining imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda amalga oshirilayotgani ta’kidlangan.

Tomonlarning xo‘jalik yurituvchi subyektlari o‘rtasida 2023 yilda Turkmaniston elektr energiyasi tranzitini ta’minlashga qaratilgan tegishli shartnomalar imzolangan.

Ikki mamlakat energetika vazirliklari va energetika korxonalari o‘rtasidagi hamkorlik o‘zaro hurmat va energetika tizimlari ishlash rejimining izchilligi tamoyillari asosida amalga oshirilayotgani qayd etilgan.