4 yilda bir marta bo‘lib o‘tadigan, ko‘pchilik futbol ixlosmandlari tomonidan intiqib kutiladigan futbol bo‘yicha jahon chempionati ham o‘z nihoyasiga yetdi. Qatarda bo‘lib o‘tgan 2022 yilgi jahon chempionati kutilmagan natijalarga, rekordlarga hamda maydondan tashqaridagi o‘ziga xos voqeliklarga boy bo‘ldi. Keling, bu yilgi jahon chempionatida bo‘lgan voqealar, rekordlar hamda ushbu chempionatning o‘ziga xos tomonlarini bir eslab o‘tamiz.

Ochilish marosimi va mezbonlarning mag‘lubiyati

JCH-2022`ning ochilish marosimi va birinchi uchrashuv 20 noyabr kuni «Al-Bayt» stadionida bo‘lib o‘tdi.

Foto: JCH-2022 ochilish marosimidan suratlar.

Qatar terma jamoasi Ekvadorga 2:0 hisobida mag‘lub bo‘ldi va jahon chempionatlaridagi dastlabki uchrashuvda mag‘lub bo‘lgan ilk mezbon jamoaga aylandi. Albatta, jahon chempionatlari tarixida mezbon jamoalar doim ham ilk uchrashuvda to‘p surmaganini aytib o‘tish lozim. 2002 yilgacha bo‘lgan jahon chempionatlarida birinchi uchrashuvda amaldagi chempionlar to‘p surishgan. Umuman olganda, Qatar terma jamoasi jahon chempionatiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rgan edi. Ular so‘nggi Osiyo chempionatida chempion bo‘lishgan edi va 2019 yilgi Copa America`da ham mehmon jamoa sifatida ishtirok etishgan edi. Ammo jamoa JCH-2022`da kutilgandek o‘yin ko‘rsata olmadi va hattoki uchta tur yakuniga ko‘ra birorta ham ochko ololmadi.

Rekord darajadagi qo‘shimcha daqiqalar

JCH-2022`da oldingi chempionatlardan farqli tarzda hakamlar bo‘limlarda rekord darajada ko‘p daqiqalar qo‘shib berishdi. Misol uchun, Angliya — Eron uchrashuvida hakam ikki bo‘lim hisobida 27 daqiqa vaqt qo‘shib berdi. Uchrashuv 117 daqiqayu 16 sekund davom etdi. Bu jahon chempionati uchrashuvlari tarixi bo‘yicha yangi rekord. Ammo bu faqat ushbu bahsga emas, boshqa o‘yinlarga ham taalluqli bo‘ldi.

Gap shundaki, FIFA hakamlar boshlig‘i Perluidji Kollina hakamlarga chempionat oldidan o‘yindagi har bir to‘xtalishni hisobga olishlarini, jumladan gollar nishonlanishi, VAR tekshiruvlari uchun ketadigan vaqt, jarohatlarni ham hisobga olishni aytgan. Demak, gollarga boy bo‘lgan Angliya — Eron bahsida 8 ta gol (6:2) kiritilgan bo‘lsa, va bundan tashqari, Eron darvozaboni jiddiy jarohat olgani sababli o‘yin ma’lum muddat to‘xtab qolganini hisobga olsak, hakamlar shundan kelib chiqib o‘yinga ko‘proq vaqt qo‘shishgan.

Umuman olganda, qo‘shib berilgan daqiqalar Qatardagi jahon chempionatining asosiy o‘ziga xos jihati bo‘ldi desak yanglishmaymiz. Chempionatning nafaqat ushbu bahsida, balki barcha uchrashuvlarni umumiy qo‘shib hisoblaganda ham, bu safargi chempionatda tarixiy rekord qayd etildi.

Tozakor yaponiyaliklar

Yaponiyalik futbol muxlislari har doim o‘zlarining ozodalikni qadrlashi, mehmon bo‘lib borgan joyini hurmat qilishi bilan barchani hayratda qoldirib kelgan. Biz yaponiyaliklarning bu jihatini 2018 yilgi jahon chempionatida ham, O‘zbekistonda yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan Osiyo kubogiga mehmon bo‘lib kelishganida ham ko‘rgan edik. Yaponiyaliklar Qatarda ham o‘z an’analarini davom ettirishdi va mezbonlarning eng sevimli mehmonlariga aylanishdi.

Biroq Yaponiyada nafaqat muxlislar, balki futbolchilar ham ozodalikka amal qilishadi. Germaniya qarshi uchrashuvdan so‘ng yaponiyalik futbolchilar kiyinish xonasini tozalab, 11 ta qush shaklidagi origami yasab ketishgan. Origami san’ati yaponlar madaniyatining bir qismi, tarixda hatto samuraylar origami shakllarini yasay olishi shart hisoblangan.

Qatar maydonlaridagi O‘zbekiston bayrog‘i

Butun JCH-2022 uchrashuvlari davomida, barcha uchrashuvlarda stadionda O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘rish mumkin edi. O‘zbekistonlik futbol muxlislari bayroqni joylash uchun hududlarni ancha puxta tarzda tanlashgan ko‘rinadi, chunki O‘zbekiston bayrog‘i tasvirini deyarli har bir uchrashuvda tele ekranlarda ko‘rdik.

Ayniqsa Kilian Mbappe o‘z golini O‘zbekiston bayrog‘i turgan burchakka kelib nishonlagan kadrlar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi.

Favoritlar va guruh bosqichidagi sensatsiyalar

Braziliya, Fransiya, Argentina, Ispaniya va Portugaliya kabi jamoalar chempionat g‘olibligiga asosiy da’vogar terma jamoalar hisoblanishgan edi. Shu sababga ko‘ra ushbu jamoalarning har biridan birinchi turdayoq jiddiy o‘yin va ko‘plab gollar kutilgan edi. Ayniqsa birinchi turda Argentinaning Saudiya Arabistoniga mag‘lubiyatga uchrashini ko‘pchilik kutmagan edi. Biroq, Saudiya Arabistoni 3 ta tur yakuniga ko‘ra baribir guruhdan chiqa olishmadi.

Ammo, ehtimol, bundan ham kutilmagani bu musobaqa so‘nggida ushbu jamoaning chempionga aylangani bo‘lsa kerak. Albatta, Saudiya Arabistoni bilan o‘yindagi mag‘lubiyatdan so‘ng ko‘pchilik 2010 yil Ispaniyasini yodga oldi. O‘shanda ispaniyaliklar birinchi turda Shveysariya terma jamoasiga mag‘lub bo‘lishgan, biroq oxirida jahon chempioniga aylanishgandi.

Yaponiya terma jamoasi ushbu JCH`dagi yana bitta sensatsion natijani yuzaga keltirdi. Ular birinchi turda Germaniya terma jamoasini, uchinchi turda esa Ispaniyani mag‘lub etib, guruhda birinchi o‘rinni egallashdi.

Janubiy Koreya terma jamoasi Portugaliya va Urugvay kabi kuchli jamoalar bilan bir guruhdan joy olishgan bo‘lsa-da, so‘nggi turda portugaliyaliklarni 2:1 hisobida mag‘lub etib Urugvay terma jamoasini guruhda qoldirib yuborishdi. Biroq koreyaliklar nimchorak finalda braziliyaliklarda duch kelishdi va ularga bas kela olishmadi.

Shuningdek, guruh bosqichidagi sensatsion natijalar qatorida Eron terma jamoasining Uels ustidan g‘alabasi, avstraliyaliklarning Fransiya ustidan g‘alabasi va Kamerun terma jamoasining braziliyaliklardan ustun kelishini aytish mumkin. JCH-2022 guruh bosqichining yana bir ahamiyatli jihati shundaki, hech bir terma jamoa guruhda 100% lik natija qayd eta olmadi.

Marokash — JCH-2022`ning asosiy kashfiyoti

Shuningdek, Marokash terma jamoasi ham musobaqa kashfiyoti bo‘ldi. Ularning guruh bosqichida Belgiyani mag‘lub qilgani va Xorvatiyani ikkinchi o‘rinda qoldirib, guruhdan birinchi o‘rinda chiqqani aslida boshlanishi edi. Ushbu jamoa sensatsion tarzda yarim finalgacha yetib bordi va bu natijani qayd etgan ilk Afrika mamlakati bo‘ldi.

Ular yarim finalgacha bo‘lgan yo‘lda Ispaniya va Portugaliya kabi mamlakatlarni mag‘lub etishdi va muxlislar yuragidan joy olishdi.

Stadionga tashrif buyurgan muxlislar soni

Uzoqqa borishi kutilgan, ammo guruhda qolib ketgan jamoalar

Albatta, bu yerda birinchi navbatda Germaniya hamda Belgiya terma jamoalari tilga olinadi. Birinchisi Yaponiya fenomenining qurboniga aylangan bo‘lsa, ikkinchisi o‘z o‘rnini Marokashga berib qo‘ydi. Belgiya terma jamoasida ahvol Germaniyanikidan yahshiroq edi. Har holda so‘nggi turda keyingi bosqichga chiqish masalasi belgiyaliklarning o‘z qo‘lida edi, ammo ular Xorvatiya bilan kechga o‘yinda juda ko‘p vaziyatlarni ko‘kka sovurishdi. Germaniya uchun esa birinchi turdagi muvaffaqiyatsizlik katta to‘siq bo‘ldi.

Shuningdek, «omadsizlar» qatorida Urugvay terma jamoasi ham bor edi. Ular ham so‘nggi turda g‘alaba qozonishganiga qaramay, guruhda uchinchi o‘rinni egallashdi. Ayrim mutaxassislar Serbiya va Daniya kabi terma jamoalarning imkoniyatlarini yuqori baholagan edi. Ammo ushbu jamoalar ham guruhdan chiqa olishmadi.

JCH-2022`da stadiondagi tomoshabinlar soni stadionlar sig‘imidan nega ko‘proq edi?

E’tibor qilgan bo‘lsangiz, bu galgi jahon chempionatida stadionga tashrif buyurgan muxlislar soni e’lon qilingan paytlarda ularning soni stadionning umumiy sig‘imi bilan to‘g‘ri kelmayotgan vaziyatlarning ham guvohi bo‘ldik.

жч-2022, futbol, қаtaр

FIFA`ning o‘zi nega bunday bo‘layotganligini quyidagicha izohladi: «stadionlarning sig‘imi haqidagi ma’lumotlarda ko‘rsatilgan sonlar aslida ushbu stadionlar uchun qo‘yilgan talab ko‘rsatkichlari hisoblanadi va aslida ushbu stadionlarning sig‘imi keltirilgan sonlardan ancha ko‘proq». Tashkilot Qatardagi stadionlarning haqiqiy sig‘imlari haqida ma’lumotlarni taqdim edi:

  • «Lusail» — 88 966
  • «Al-Bayt» — 68 895
  • «Xalifa» — 45 857
  • «Axmad bin Ali» — 45 032
  • «Education City» — 44 667
  • «Al-Tumama» — 44 400
  • «Al-Janub» — 44 325
  • «974» — 44 089.

Jahon chempionatida gol urgan erkin agent va beshta JCH`da gol kiritgan yagona futbolchi

Krishtianu Ronaldu o‘zining beshinchi jahon chempionatida ishtirok etdi va gol kiritdi. U beshta jahon chempionatida gol kiritgan yagona futbolchiga aylandi.

Bundan tashqari, portugaliyalik futbolchi Qatardagi chempionat davomida «Manchester Yunayted» klubi bilan shartnomani bekor qilishga ham ulgurdi. Shu bilan Ronaldu jahon chempionatida gol kiritgan ikkinchi erkin agent sifatida tarixga kirdi.

жч-2022, futbol, қаtaр

Jahon chempionatida gol kiritgan ilk erkin agent kim edi? JCH-1978`da argentinalik himoyachi Alberto Tarantini erkin agent sifatida jahon chempionatlaridagi birinchi golni urgan. Zidan ham 2006 yilgi jahon chempionatida Fransiya safida klubsiz futbolchi sifatida gol urgan edi, ammo u faoliyatini yakunlashni reja qilayotganini e’lon qilgan va «Real» klubi bilan shartnomasini uzaytirmagan edi.

Quruq uchrashuvlar

JCH-2022`ning birinchi turida golsiz uchrashuvlar ko‘p kuzatildi. Birinchi tur natijalariga ko‘ra, chempionatda ishtirok etayotgan 14 ta jamoa gol ura olishmadi. Navbatdagi turlarda natijalar qisman o‘zgardi, biroq quruq uchrashuvlar ikkinchi va uchinchi turlarda ham kam bo‘lmadi.

Chempionlar nihoyat guruhdan chiqishdi (hattoki finalgacha yetib borishdi)

Nihoyat bu safargi chempionatda amaldagi g‘oliblar guruhdan chiqa olishdi. Fransiya terma jamoasi ushbu «la’nat»ga chek qo‘yishdi. Braziliya 2006 guruhdan chiqqan oxirgi amaldagi chempion bo‘lib turgan edi. Italiya, Ispaniya va Germaniya navbatma-navbat keyingi turnirda muvaffaqiyatsizlikka uchrab kelishgan edi. Fransiya esa hech qanday muammolarsiz guruhdan chiqdi v hattoki finalgacha yetib bordi. Ketma-ket ikkinchi bor chempion bo‘lish uchun esa ozgina omad yetishmadi.

жч-2022, futbol, қаtaр

Xorvatiyaning Braziliya ustidan g‘alabasi

Marokash terma jamoasining omadli yurishlaridan tashqari, futbol muxlislarini hayratda qoldirgan yana bitta uchrashuv bor: bu, so‘zsiz, Braziliya — Xorvatiya bahsi. Ushbu bahs oldidan ko‘pchilik Braziliya terma jamoasining yirik hisobdagi g‘alabasini kutgan bo‘lsa ajab emas. Ahir ushbu jamoa JCH-2022`ning asosiy favoriti sifatida tilga olinayotgan edi. Xorvatiya yana barchani hayratda qoldirdi. JCH-2018`da bo‘lgani kabi xorvatiyaliklar ekstra-bo‘limlaru, penaltilar seriyasi yordamida uzoqqacha yetib kelishdi. Ular yarim finalda bo‘lajaka chempionlarga — Argentina terma jamoasiga mag‘lub bo‘lishdi.

Messining uzoq kutilgan orzusi va Argentinaning uchinchi chempionligi

Lionel Messi nihoyat Argentina bilan jahon chempionati kubogini qo‘lga kiritdi. Endi u haqda gap ketganda, «ammo jahon kubogini qo‘lga kiritmagan» mazmunidagi iboralar qo‘llanmaydi.

Fransiya va Argentina terma jamoalari muxlislarga so‘nggi jahon chempionatlaridagi eng chiroyli finalni taqdim etishdi. Qatardagi jahon chempionati futbol muxlislarini xotirasida bir umrga muhrlanadigan bo‘ldi.

JCH-2022`dagi eng yorqin va quvnoq muxlislar