Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasida hukumat ish uslubi o‘zgartirilib, vazirliklar soni qisqartirilishini ma’lum qildi.

«Birinchi bosqichda vazirliklar isloh qilinadi, Hukumat ish uslubi ham tubdan o‘zgaradi. Eng avvalo, vazirlik va idoralar soni hozirgi 61 tadan 28 tagacha kamaytiriladi. Endi har bir vazirlik tegishli sohada davlat siyosatini amalga oshirishga mas’ul bo‘lib, tarmoq tarkibidagi qo‘mita, agentlik va inspeksiyalarga rahbarlik qiladi», — Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, prezident davlat xizmatchilari soni bosqichma-bosqich 25−30 foizga qisqarishini aytib o‘tdi.

«Ko‘p vazirlar o‘zgaradi. O‘z sohasining chuqur bilimdoni, fidoyi va ishidan xalq rozi bo‘layotgan vazirlar lavozimida qoladi. O‘ylaymanki, bunday yondashuv adolatli bo‘ladi. Davlat xizmatchilari soni bosqichma-bosqich 25−30 foizga qisqaradi», — dedi davlat rahbari.

Prezidentning ma’lum qilishicha, iqtisod qilinadigan mablag‘lar ijtimoiy masalalarga yo‘naltiriladi, har bir vazirning siyosiy maqomi, prezident, parlament va jamoatchilik oldidagi mas’uliyati oshiriladi.

Bunga mos ravishda javobgarligi ham kuchaytiriladi. Ularga aholi muammolarini hal qilish uchun yetarli vakolat va mablag‘ beriladi. Vazirliklar faoliyatida ochiqlik, qonuniylik, natijadorlik va sifat asosiy mezon bo‘ladi", — dedi Shavkat Mirziyoyev.