Prezident parlament va xalqqa murojaatnomasida energetika sohasidagi muammolarga ham to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda «Gazeta.uz»ning hukumatdagi axborot manbasi ma’lum qildi.

Davlat rahbari ko‘p yillar davomida yangi gaz konlariga investitsiya kiritilmagani, elektr va gaz tarmoqlari modernizatsiya qilinmaganini ta’kidlab, buning oqibatida tizimda aniq hisob-kitob yo‘qligi, katta yo‘qotishlar oddiy holga aylanib qolganini tanqid qildi.

«So‘nggi olti yilda aholimiz 12 foizga, sanoat korxonalari esa 2 barobarga ortib, 45 mingdan 100 mingtaga ko‘paydi. Natijada, elektr energiyasiga talab kamida 35 foizga oshdi va yildan-yilga ko‘payib bormoqda. Iqtisodiyotimiz barqaror rivojlanishi uchun, energetika sohasiga 25−30 milliard dollar investitsiya kerak. Bunga faqatgina xususiy investitsiyalarni jalb qilish orqali erishish mumkin», — deya ta’kidladi prezident.

Shuningdek, davlat rahbari uy, ishxona, bog‘cha, maktab va ko‘chalarda odamlarga energiyaning qadriga yetish, uni tejashni o‘rgatish kerakligini, qonunlarda ham bu masalalarni mustahkamlash zarurligini aytib o‘tdi.

«Kelasi uch yilda barcha davlat tashkilotlarida quyosh panellari va issiq suv kollektorlari o‘rnatiladi. Ushbu maqsadlarda 2 milliard dollar miqdorida investitsiya jalb qilinadi. Buning hisobiga, ularning 60 foiz elektr va gaz iste’moli «yashil energiya»ga o‘tkaziladi. Aholi xonadonlarida esa, quyosh paneli o‘rnatishga ajratiladigan subsidiyalar hajmi 2 barobarga ko‘paytiriladi», — deya ta’kidladi prezident.

Shu bilan birga, kichik hajmdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish keskin oshirilishiga ko‘rsatma berdi.

«Toshkent viloyatida Olmaliq, Bekobod kombinatlari va boshqa yirik korxonalar o‘z ehtiyojlari uchun 1 ming megavattli quyosh elektr stansiyalarini o‘rnatsa, yiliga 2,5 milliard kilovatt soat elektr ishlab chiqariladi. Bu orqali, Toshkent viloyatining qariyb 30 foiz elektr iste’moli ta’minlanadi va 500 million куб metr gaz tejaladi», — deya izoh berdi prezident.

Xuddi shunday, boshqa viloyatlar ham, hisob-kitoblarini qilib, kelgusi yil uchun aniq rejalarini belgilab olishi kerakligini shu bilan birga, respublikaning har bir tuman va shahar hokimi ham o‘z hududidagi xonadon va korxonalarda jami 5−10 megavattli qayta tiklanuvchi energiya loyihalarini amalga oshirishi shartligini qayd etdi.

Kelasi uch yilda barcha davlat tashkilotlarida quyosh panellari va issiq suv kollektorlari o‘rnatiladi. Ushbu maqsadlarda 2 milliard dollar miqdorida investitsiya jalb qilinadi. Buning hisobiga, ularning 60 foiz elektr va gaz iste’moli «yashil energiya»ga o‘tkaziladi. Aholi xonadonlarida esa, quyosh paneli o‘rnatishga ajratiladigan subsidiyalar hajmi 2 barobarga ko‘paytiriladi, deya ta’kidladi prezident.