Qatarda bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha 2022 yil jahon chempionatida kubokni Argentina terma jamoasi qo‘lga kiritdi. Fransiya terma jamoasi bilan bo‘lib o‘tgan final uchrashuvi ko‘plab yillar davomida futbol ishqibozlari xotirasida qoladigan bo‘ldi. Murosasiz, keskin va hayajonli voqealarga boy bo‘lgan final bahsida 3:3 hisobi qayd etildi va penaltilar seriyasida Argentina terma jamoasi 4:2 hisobida g‘alaba qozondi. Argentinaliklar o‘z tarixi davomida uchinchi bor futbol birinchiligining asosiy sovrinini qo‘lga kiritishdi.

Argentina — Fransiya 3:3 (penaltilar seriyasida 4:2)

Argentina — Fransiya o‘rtasida bo‘lib o‘tgan final bahsi Qatardagi noldan boshlab bunyod etilgan shahar — Lusailda, shu nom ostidagi stadionda bo‘lib o‘tdi. Final uchrashuvini tomosha qilish uchun ushbu stadionga 88 966 nafar tomoshabin tashrif buyurishdi. Ochig‘i, final bahsi bo‘lganda ham «asr finali» deyishga loyiq darajada o‘tdi.

жч-2022, futbol, қаtaр

Argentina terma jamoasi yarim finalda Xorvatiyani mag‘lub etgan edi, fransiyaliklar esa Marokash terma jamoasini yengishdi. Xorvatiya va Marokash o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchinchi o‘rin uchun o‘yinda xorvatiyaliklarning qo‘li baland keldi. Endi esa navbat asosiy sovrindor jamoani aniqlashga kelgan edi.

Argentina — Fransiya bahsinining qanchalar keskin burilishlarga boy va qiziqarli bo‘lganini sonlar orqali ham ifodalasak bo‘ladi. O‘yinda Argentina terma jamoasi 17 ta zarba yo‘llagan, shulardan 10 tasi aniq. Fransiyaliklarda bu ko‘rsatkich biroz pastroq bo‘ldi: 7 ta zarba, 5 tasi aniq. Fransiya darvozaboni Ugo Loris finalda 7 ta seyv amalga oshirdi, argentinalik Emiliano Martines esa 2 ta.

O‘yinda shuningdek, argentinaliklar 18 marotaba, fransiyaliklar esa 23 marotaba jarima zarbasini amalga oshirishdi. Va nihoyat, muhim ko‘rsatkichlar: Messidan dubl, Mbappedan esa xet-trik. Ammo Mbappening uchta goli hamda yakundagi penaltini muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirishi Fransiyaning g‘alaba qozonishi uchun kamlik qildi. Va Messi nihoyat o‘zining uzoq kutilgan Jahon chempionati kubogini qo‘lga kiritdi.

жч-2022, futbol, қаtaр

Birinchi golni Lionel Messi, 23-daqiqada Fransiya darvozasi tomon belgilangan penalti orqali qiritdi. 36-daqiqaga kelib hisob 2:0 ko‘rinishini oldi. Messi Aleksis Mak Allisterga to‘pni oshirdi, u esa to‘pni qoyilmaqom tarzda Di Mariyaga uzatdi — zarba va gol.

Birinchi bo‘limdagi 2:0 hisobidan so‘ng ko‘pchilik Fransiyaning sust o‘yin ko‘rsatayotganini, o‘zini o‘nglab olmasa argentinaliklar yana gol kiritishlari mumkinligini aytishayotgandi. Ikkinchi bo‘limda Fransiya terma jamoasi ko‘p xavfli hujumlar yaratdi. Ammo javob to‘plarini faqat 80-daqiqalalarga kelib ko‘rdik. Avvaliga Mbappe penalti zarbasi orqali hisobni 2:1 ko‘rinishiga keltirdi. Oradan ikki daqiqa o‘tib, u qoyilmaqom tarzda to‘pni (havodan) Argentina darvozasi tomon yo‘llab hisobni tenglashtirdi — 2:2!

жч-2022, futbol, қаtaр

Qolgan daqiqalarda Fransiya terma jamoasi hattoki hisobda oldinga chiqib g‘alabani ilib ketishi ham mumkin edi. Hattoki qo‘shimcha daqiqalarda va undan keyin davom etgan qo‘shimcha bo‘limda ham keskin vaziyatlar bo‘ldi.

Birinchi qo‘shimcha bo‘limda ham o‘yin tempi yuqori darajada bo‘ldi, biroq hisob o‘zgarmadi. Ammo ikkinchi ekstra-bo‘limda o‘yin yanada «alanga oldi». Bo‘limning 3-daqiqasida Messi Argentinani hisobda oldinga olib chiqdi — 3:2. O‘yin «yondi». Fransiya ketma-ket hujumlar amalga oshirishmoqda. O‘yin tugashiga oz vaqt qolmoqda. 118-daqiqada Fransiyaning hujumlaridan birida to‘p Argentina futbolchisining qo‘liga tegdi va penalti zarbasi belgilandi. Kilian Mbappe yana bir bor Emiliano Martinesni penalti zarbasi orqali dog‘da qoldirmoqda. Hisob — 3:3.

жч-2022, futbol, қаtaр

Jamoalar bir-biriga taslim bo‘lishni xohlashmadi va endi hammasini penaltilar seriyasi hal qiladi. Birinchi zarbalarni fransiyaliklar safida Mbappe, argentinaliklar safida esa Messi muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirishdi. Fransiya terma jamoasi safida ikkinchi zarbani amalga oshirgan Kingsli Komanning zarbasini Emiliano Martines qaytara oldi. Fransiyaliklarning uchinchi zarbasi, aniqrog‘i Tchuameni yo‘llagan zarba ham muvaffaqiyatsiz chiqdi — noaniq zarba. Navbatdagi zarbalarda ikkala jamoa a’zolari ham xato qilishmadi. Hal qiluvchi zarbani argentinaliklar safida Montell amalga oshirdi. U Loris darvozasini ishg‘ol qildi va Argentina Fransiyani penaltilar seriyasida 4:2 hisobida mag‘lub etdi.

жч-2022, futbol, қаtaр

Argentina terma jamoasi uchinchi bor jahon chempioniga aylanishmoqda. Bu argentinaliklarning oltinchi finali edi (1930, 1978, 1986, 1990, 2014). Endi ular finaldagi mag‘lubiyatlar va g‘alabalar bo‘yicha hisobni tenglashtirib olishdi. Lionel Messi uzoq kutilgan jahon chempionati kubogini qo‘lga kiritdi. Sensatsiyalarga va hayajonli daqiqalarga boy bo‘lgan JCH-2022 ham o‘z nihoyasiga yetdi. Futbol olami yana 3,5 yilga jahon chempionati bilan xayrlashadi.

жч-2022, futbol, қаtaр

Ma’lumot uchun, 2026 yilda bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha jahon chempionati birdaniga uchta mamlakatda bo‘lib o‘tadi: Meksika, AQSh, Kanada. Navbatdagi jahon chempionatining asosiy bosqichida 48 ta jamoa qatnashadi (hozirgacha 32 ta edi). Demak, har bir qit’a bo‘yicha qatnashuvchilar kvotasi ham biroz oshadi. Bu O‘zbekiston terma jamoasi uchun ham ilk bor jahon chempionatida ishtirok etish uchun yaxshi imkoniyat.