2021−2022 yillar davomida liftlarda 4 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan va natijada 5 nafar fuqaro vafot etgan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Malika Mirjamolova ma’lum qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, respublikadagi ko‘p qavatli uylarda jami 6200 dan ortiq lift qurilmalari mavjud. Shulardan 5000 dan ziyodi Toshkent shahrida o‘rnatilgan. Liftlarning 290 dan ortig‘i o‘z xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan, kapital ta’mirtalab.

O‘zbekistonda 2015 yildan boshlab 780 ga yaqin ko‘p kvartirali turar joy uylari qurilgan bo‘lib ularda jami 2000 dan ziyod lift qurilmalari o‘rnatilgan va bu ko‘rsatkich tobora oshib bormoqda.

Liftlardan foydalanishda xavfsizlik talablarini bajarmaganlik oqibatida 2021−2022 yillar davomida jami 4 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan va natijada 5 nafar fuqaro hayotdan bevaqt ko‘z yumgan.

Liftlardan foydalanish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarni oldini olish maqsadida Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi tomonidan ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan holda hozirda respublikamizda amalda foydalanishda bo‘lgan «Liftlarning xavfsizligi to‘g‘risida»gi umumiy texnik reglamentni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining amaldagi texnik reglamentlari talablariga moslashtirish bo‘yicha tegishli hujjat loyihasi ishlab chiqildi va hozirda Vazirlar Mahkamasiga kiritilmoqda.