Adliya vazirligi 16 dekabr kuni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ish yuritish tartibi kiritish bo‘yicha [O‘RQ-810 sonli] qonun qabul qilinganini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlari muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya markaziga joylashtirish to‘g‘risidagi iltimosnomalarni ko‘rib chiqadi.

Agar fuqaroni reabilitatsiya markaziga joylashtirish bo‘yicha asoslar aniqlansa, ichki ishlar organi bunday shaxsni ichki ishlar organiga kelgandan boshlab 48 soatda markazga 30 sutkadan ko‘p bo‘lmagan muddatga joylashtirish to‘g‘risida sudga iltimosnoma yuborish uchun material tayyorlaydi.

Materiallar bunday shaxs aniqlangan yoki reabilitatsiya markazi joylashgan yerdagi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudiga ichki ishlar organi tomonidan beriladi.

Iltimosnoma taqdim etilgan paytdan e’tiboran 24 soat ichida sudya tomonidan yopiq sud majlisida yakka tartibda ko‘rib chiqiladi.

Mazkur tartib haqidagi qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.