250 ta uy-joy mulkdorlar shirkatlari tomonidan 20 mlrd so‘m mablag‘lar talon-taroj qilingan, 50 ga yaqin shirkat rahbariga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Uy-joy fondi inspeksiyasi rahbari Azlar Sodiqov ma’lum qildi.

1 dekabr holatiga Uy-joy fondi inspeksiyasi tomonidan ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatuvchi jami 1000 ga yaqin boshqaruv organlari faoliyati o‘rganildi. O‘rganish natijalariga ko‘ra 250 ta uy-joy mulkdorlar shirkatlari tomonidan jami 20 mlrd so‘m mablag‘larni talon-toroj yoki uy-joy mulkdorlariga zarar yetkazgani aniqlandi. Shundan, 50 ga yaqin shirkat raxbarlariga nisbatan jinoiy ishlar qo‘zg‘atilib 700 mln so‘mga yaqin mablag‘lar shirkatlar xisobiga qaytarilgan.

Shuningdek, ko‘p kvartirali uylar va ularga tegishli tutash xududlarda olib borilgan ta’mirlash-tiklash ishlari o‘rganilganda jami qiymati 14 mlrd so‘m miqdorda 57 ta qonun buzilish holatlari aniqlangan. Xozirda pudrat tashkilotlariga nisbatan jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan.

Ko‘p kvartirali uylarning boshqaruv organlari tomonidan yig‘iladigan majburiy badallar mablag‘larining shaffofligini ta’minlash yuzasidan tashkil etilgan «Mening uyim billing» tizimi orqali xisob yuritilishini ta’minlash maqsadida maxsus shtab tashkil etilgan bo‘lib, 3 oy mobaynida 1500 ta murojaatlar qabul qilingan. Shundan, 1200 tasi joyida ijobiy xal etilgan, 200 tasiga nisbatan majburiy ko‘rsatmalar berililgan, 100 ga yaqin shirkatlar boshqaruv qoidalarini buzganligi uchun 300 mln so‘m miqdorda ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan.

Ko‘p kvartirali uylarning yer to‘lalaridan foydalanish tartibi o‘rganilganda 550 ta xuquqbuzarlik va kamchiliklar aniqlangan. Shundan, 425 ta o‘zboshimchalik bilan yerto‘lalarni egallab olish yoki qayta rejalashtirish ishlari hamda 125 ta yerto‘lalarning sanitar tartibga rioya etilmagani aniqlangan. Holat yuzasidan xuquqbuzarlarga nisbatan jami 670 mln so‘m miqdorda 247 ta ma’muriy jarimalar qo‘llanildi hamda 290 ta yerto‘ladagi o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishlar avvalgi holatiga qaytarilgan.