Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov bir qancha hududlarda aholi bilan uchrashuvlari davomida kam ta’minlangan xonadonlarni quyosh panellari bilan ta’minlash taklifini bildirdi, deya xabar bermoqda hokimlik matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, kam ta’minlangan xonadonlarga tuhfa yoki yordam sifatida televizor, muzlatgich yoki isitgich kabi maishiy texnikalar topshirish ularning elektr uchun xarajatini ko‘paytirmoqda. Moddiy yordam so‘rab murojaat qilayotgan fuqarolar ham aksar hollarda elektrdan qarzdorlik sabab yordam so‘ramoqda.

«Xonadonlarni yo‘qlab borganda yoki bayram kunlarida insonlarga televizor yoki boshqa texnikalar sovg‘a qilganda ko‘ra, quyosh paneli topshirsak va o‘rnatib ham bersak, ularning oilasiga har tomonlama ko‘proq foyda bo‘lar ekan», — dedi Shuhrat Abdurahmonov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, panellar prezident nomidan topshiriladi va xonadonlarga o‘rnatib ham beriladi.

«Bu orqali o‘sha xonadonning elektr energiyasi barqarorlashadi, xarajati kamayadi, to‘lovdagi yetishmovchiliklar ortda qoladi, xonadonni isitish osonlashadi va oilaning hozirdagi asosiy muammolaridan bir nechtasi yechim sari yuzlanadi», — deyiladi xabarda.