4 aprel sanasidan buyon hududiy yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalari tomonidan 91,1 mlrd so‘mlik 203 357 ta jarima qo‘llash to‘g‘risidagi qarorlar belgilangan 3 oylik muddatda majburiy ijro byurolariga yuborilmasdan qolgan.

Bu haqda noyabr oxirida Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasida o‘tkazilgan yig‘ilishda Bosh prokuratura boshqarma katta prokurori Kamoliddin Yalgashev ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Uning qayd etishicha, Bosh prokuratura tomonidan Hisob palatasi bilan hamkorlikda prezidentning 2022 yil 4 apreldagi [PQ-190-son] qarori ijrosi o‘rganilgan. Natijada, qator qonun buzilish holatlari aniqlangan.

«Xususan, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha bosh vazir tomonidan tasdiqlanib, hududlarga ijro uchun yuborilgan «yo‘l xarita»larida belgilangan chora-tadbirlarni bajarish uchun talab qilinadigan mablag‘ miqdori aniq hisob-kitob qilinmagan va moliyalashtirish manbalari aniqlanmagan. Oqibatda «yo‘l harita»laridagi tadbirlarning jami 41 tasini ijro muddati o‘tgan bo‘lsa-da, bajarish choralari ko‘rilmagan», — dedi u.

Kamoliddin Yalgashevning so‘zlariga ko‘ra, Majburiy ijro byurolari tomonidan 27,6 mlrd so‘mlik 62 mingta jarimani qo‘llash to‘g‘risidagi qarorlar asossiz ravishda YXHB organlariga qaytarilgan.