O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Amerika Qo‘shma Shtatlarining Xalqaro diniy erkinlik sohasidagi maxsus topshiriqlari bo‘yicha elchisi Rashad Husayn bilan uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Uchrashuvda Vladimir Norov diniy erkinlikni ta’minlash, fuqarolar uchun diniy rasm-rusumlarni ado etish uchun shart-sharoitlar yaratish, ularning qonuniy huquq va erkinliklarini himoya qilish «Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot rivojlantirish strategiyasining muhim qismi» ekani ta’kidladi.

Rashad Husayn O‘zbekistonda fuqarolarning din sohasidagi huquq va manfaatlarini ta’minlash, bu boradagi milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish, mamlakatda dinlararo o‘zaro anglashuv muhitini mustahkamlash, fuqarolik jamiyati institutlarini, shu jumladan diniy tashkilotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan tizimli chora-tadbirlar natijalarini olqishladi.

Amerika tomoni, shuningdek, diniy rasm-rusumlarni ado etish va dindorlarning o‘z e’tiqodlarini ifoda etishlari uchun yanada kengroq sharoitlar yaratish radikal qarshi kurashga yordam berishini ta’kidladi. Rashad Husayn ushbu sohadagi islohotlar, shu jumladan, qonun hujjatlarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlar davom etishiga ishonch bildirdi.

Muloqot yakunida tomonlar diniy erkinlikni himoya qilish sohasida hamkorlikni mustahkamlash uchun muntazam ravishda amaliy muloqot olib borishga kelishib oldi.