Ichki ishlar vazirligining uzoq muddatga ketgan shaxslar rasmiy ba’zasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilning yanvar-noyabr oyida Rossiyadan 317 mingdan ziyod o‘zbek mehnat muhojirlari O‘zbekistonga qaytib kelgan. Bu haqda 13 dekabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Tashqi mehnat migratsiyasi vakillari ma’lum qilindi.

Tadbirda «Gazeta.uz» muxbiri mutasaddilarga Rossiya va Ukraina mojarasi ortidan bu davlatlardan o‘zbekistonlik fuqarolarning qanchasi Vatanga qaytgani bo‘yicha savol berdi.

Agentlik boshqarma boshlig‘i Bahrom Abduvaliyevning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yil boshida Ukrainadan 6 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarolari Vatanga qaytarilgan.

«Yil boshida Ukrainadagi vatandoshlarimizni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha hukumat darajasida dastur qabul qilindi. Dastur doirasida uzoq muddatdan beri Ukrainada yashab kelayotgan migrantlarimiz, ya’ni 6 mingdan ortiq fuqarolarimiz olib kelindi. Ular yurtimizga qaytgach, ichki mehnat bozorida bandligini ta’minlash borasida dasturlar asosida ishlar olib borildi. Oliy ta’lim vazirligi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda dasturda belgilangan barcha vazifalar ijrosi bajarildi», — dedi u.

Uning qayd etishicha, 2021 yilning 11 oyida xorijdan 502 ming mehnat migrantlari O‘zbekistonga qaytgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich joriy yil 508 ming nafarni tashkil qilgan.

«2022 yili chet eldan qaytgan migrantlarning salmoqli qismi Rossiya Federatsiyasidan qaytganlardan iborat. Ammo mehnat migrantlarimizning Rossiyadan qaytishi avvalgi yillarga nisbatan deyarli o‘zgarmagan. Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan yilning 11 oyida 300 mingga yaqin fuqarolarimiz Rossiyadan qaytgan. Joriy yilda esa 317 mingdan ziyod migrantlarimiz qaytib keldi. Bu raqamlar IIVning uzoq muddatga ketgan shaxslar rasmiy ba’zasidan olingan», — dedi agentlik vakili.

Bahrom Abduvaliyevning ta’kidlashicha, joriy yilda Rossiyaning ayrim hududlarida qurilish yo‘nalishida o‘zbek migrantlariga talab ortgan.

«Fuqarolarimizning ishlash uchun xorijga ketishi qanday tabiiy bo‘lsa, ularning qaytishi ham tabiiy hol hisobalanadi. Har yili o‘rtacha 500−700 ming migrantlar qaytib keladi. Mavsumiy harakterga ega bo‘lgan migrnatlarimiz keyingi yil boshida yana qaytib ketadi. Bu bo‘yicha statistikani oyma-oy yuritib boramiz», — dedi u.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi boshqarma boshlig‘i Zohid Asqarovning qo‘shimcha qilishicha, fuqarolarning xorijga ketishi va qaytishi vaqtincha hisoblanadi. «Qishni O‘zbekistonda o‘tkazib, yana bahorda qaytib ketishadi. Bu doimiy ravishda kuzatiladigan holat», — dedi vazirlik rasmiysi.