13 dekabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 10:29 da Vengriyaning WizzAir aviakompaniyasiga tegishli samolyot Samarqand xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi, deb xabar berdi Uzbekistan Airports kompaniyasi matbuot xizmati.

O‘zbekistonga Abu-Dabi — Samarqand — Abu-Dabi parvoz yo‘nalishini ochgan Airbus A321 neo samolyoti an’anaga ko‘ra suv arkasi, ekipaj a’zolari va 141 nafar yo‘lovchi esa karnay va surnay sadolari bilan kutib olindi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam reyslar haftasiga ikki marta — seshanba va shanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning 25 yanvaridan boshlab WizzAir Toshkent aeroportiga haftasiga uch marta — dushanba, chorshanba va juma kunlari parvozlarni boshlashni rejalashtirgan.

Ma’lumot uchun, avvalroq WizzAir loukoster aviakompaniyasi 13 dekabrdan Samarqandga parvozlarni amalga oshirishi haqida xabar berilgandi. Chiptalar narxi 40 dollardan boshlanadi. Kompaniya veb-saytida dastlabki reyslarning narxi 90 dollar ekanligi ko‘rsatilgan.

WizzAir — Vengriyaning arzon aviakompaniyasi bo‘lib, shtab-kvartirasi Budapeshtda (Vengriya) joylashgan.