O‘zbekistonda tibbiyot xodimi faoliyatiga to‘sqinlik qilgan mansabdorlarni jarimaga tortish yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olish jazosi belgilanmoqda. Bu haqda 13 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi munosabati bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi muhokamasida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, amaldagi qonunchilikda xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimiga nisbatan turli shaklda qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazganlik, tibbiy yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri javobgarlik belgilanmagan. Bu kabi omillar esa amaliyotda turli muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Hujjatda tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish bilan bog‘liq holatlarda javobgarlik, mazkur ishning taalluqliligi va uni ko‘rib chiqish muddatlari o‘z aksini topmoqda.

Xususan, tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga turli shaklda qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazish uchun ma’muriy javobgarlik fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish belgilanmoqda.

Majlisda deputatlar tomonidan ushbu qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda bir ovozdan qabul qilindi.

So‘nggi vaqtlarda tibbiyot xodimlarini kaltaklash bilan bog‘liq holatlar tez-tez uchrab turibdi. Xususan, Yakkasaroy va Mirobod tumanlarida chaqiruvga kelgan «Tez yordam» xodimlari kaltaklagandi. Shuningdek, Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida erkak tug‘uruqxona hamshirasining sochidan tortib, kuch ishlatgandi. Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanida esa tibbiyot xodimlari mast holdagi kishilar tomonidan ayovsiz kaltaklangan.