Sirdaryo viloyatining Boyovut tumani hokimi yordamchisi T.J. ta’sischiligida 3 ta tadbirkorlik subyekti tashkil etgan. U shu tashkilotlardan biriga 12 holatda fuqarolarning 371,5 mln so‘m kredit mablag‘lari o‘tkazib bergani aniqlandi. Bu bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Sirdaryo viloyatida o‘rganish o‘tkazilgan.

Aniqlanishicha, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida ajratilgan imtiyozli kreditlar maqsadsiz ishlatilgan, ta’minotchi korxonalar tomonidan fuqarolarga yetkazib berilishi mumkin bo‘lgan tovarlar xarid qilinmagan hamda mablag‘lar maqsadsiz sarflangan.

O‘rganish natijalari bo‘yicha to‘plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun Bosh prokuraturaga yuborildi va prokuratura mazkur holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazdi.

Unga ko‘ra, Boyovut tumani hokim yordamchisi T.J.ga va boshqalarga nisbatan 3 noyabr kuni jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 2-qismi «v», «g» bandlari va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda tergov harakatlari olib borilmoqda.