O‘zbekistonda Cobalt va Lacetti avtmobillarini xarid qilish uchun shartnomalar berish to‘xtatildi. «Gazeta.uz»ning UzAuto Motors kompaniyasidagi axborot manbasi ushbu xabarni tasdiqladi.

Bundan tashqari, avtoishlab chiqaruvchining UzAutoSavdo Telegram-botida Lacetti va Cobalt haqidagi axborotlar yo‘qolgan. Dekabr oyi boshida ushbu modellar uchun navbatlar soni o‘n minglab kishini tashkil etgan edi.

Kun.uz nashrining Toshkentdagi avtosalonga tayanib ma’lum qilishicha, kontraktatsiya 8 dekabrda to‘xtatilgan. Arizalarni qabul qilish qachon boshlanishi hozircha oshkor qilingani yo‘q.

Ayni paytda UzAuto Motors kompaniyasining hamyonbop avtomobillaridan faqat Onix qolgan bo‘lib, uning uchun 11,7 mingdan ziyod kishilik navbat paydo bo‘lgan.

Avvalroq tarmoqlarda omborlarda yuzlab tayyor Chevrolet avtomobillari, jumladan Lacetti (Gentra) turgan lavhalar paydo bo‘lgan edi. Kompaniya bunga zarur ehtiyot qismlari kelishini kutayotgan tayyor bo‘lmagan avtomobillar deya izoh berdi. Jumladan, ularga ishlab chiqarish hajmi keskin ortib ketgani sababli ayrim elektron ehtiyot qismlar o‘rnatilmagan.

Yil boshida avtokonsern ishlab chiqarish hajmini o‘tgan yilga nisbatan 21 foizga — 280 mingta avtomobilga oshirishni rejalashtirgan edi. Biroq talab oshgani sababli reja 340 mingta mashinaga oshirildi.

E’lon qilingan bayonotga ko‘ra, UzAuto Motors yil boshidan buyon 290 mingta avtomobilni konveyerdan chiqargan. Bu taqchillik kuzatilayotgan mikrochiplar o‘rnatiladigan ayrim ehtiyot qismlarning vaqtinchalik tugab qolishiga olib kelgan.

UzAuto Motors avgustda 2022 yil oxiriga qadar Chevrolet Spark va Nexia avtomobillarini ishlab chiqarishni to‘xtatishi haqida xabar bergan edi. Ular o‘rnini Chevrolet Tracker va Onix egallaydi.

«Gazeta.uz», shuningdek, avtoishlab chiqaruvchi 2023 yil oxiriga qadar Gentra modelini ishlab chiqarishni to‘xtatishni rejalashtirayotgani haqida ham ma’lum qilgan edi.