Anomal jazirama, suv muammosi, iqlim o‘zgarishlari O‘zbekistonga ham begona emas. Butun dunyo boshidagi muammo. Yozda haroratning keskin ko‘tarilishi, cho‘llanish, ichimlik suvining yetishmasligi, yog‘ingarchilikning kamayayotgani kabi noxush manzara ko‘lami yil sayin kengayib, xavotirli chaqiriqlar yangrayapti. Bunda eng maqbuli ilmga suyanib, haqiqiy choralar qidirish, olimlar so‘ziga quloq solish. «Gazeta.uz» shu maqsadda uzoq yillardan beri Tokioda yashab, suv va qishloq xo‘jaligi, ekologiya bo‘yicha tahsil olgan hamda tuproq sho‘rlanishini aniqlashda tadqiqotlar o‘tkazayotgan olim Aziz Omonov bilan yaqin kelajakda falokatga aylanishi mumkin muammolar haqida suhbatlashdi.

Aziz Omonov — Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. Toshkent Irrigatsiya va melioratsiya institutini tamomlagan. 2006 yili «Suv xo‘jaligi menejmenti» yo‘nalishida dastlab Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutini. 2015 yili Tokio Qishloq xo‘jaligi va texnologiya universitetining Xalqaro ekologiya va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida magistrlik darajasini olgan. Hozirda ayni shu universitetda Qishloq xo‘jaligi fanlari oliy maktabi, qishloq xo‘jaligi va xalqaro ekologiya muhandisligi bo‘yicha doktorant. Xalqaro konferensiyalar, loyiha va dasturlar ishtirokchisi.

— Uzoq yillardan beri suv ilmi bilan bandsiz, tadqiqotlar olib borasiz. Nega aynan shu yo‘nalish va ilm uchun Yaponiyani tanlagansiz?

— Mutaxassisligim bo‘yicha 2005−2007 yillari «O‘zsuvta’mirfoydalanish» respublika birlashmasida yetakchi mutaxassis, keyin 2011 yilgacha Janubiy Koreyaning Tejon shahridagi «Shin-A» va Kimpo shahridagi «Dowell» kompaniyalarida xorijiy innovatsion loyiha tajriba o‘rganuvchi, bir necha yillar o‘zimizdagi Agrosanoat agentligining Osiyo taraqqiyot banki va Jahon bankining xalqaro loyihalarida, «Suv iste’molchilari uyushmasi» va xalqaro ekologiya bo‘yicha mutaxassis hamda bo‘lim boshlig‘i lavozimlarida ishladim. Shular qatori Yaponiyaning qishloq xo‘jaligiga kirib kelayotgan yangi loyihalarida koordinator ham bo‘ldim.

2008 yili Janubiy Koreyada suv xo‘jaligiga doir xalqaro konferensiyada koreys, yapon tajribalarining ancha ilgarilagani, ilg‘orligi va muhimi, zamon talablariga moslashayotganidan hayratlanib, 2013 yili Yaponiyada magistraturamni o‘qishga qaror qildim.

Niyat xolis ekan, hujjatlarimni Yaponiya tomonidan beg‘araz yordam (JDS) dasturi bo‘yicha tanlagan universitetimga topshirdim. IELTS va matematika imtihonlaridan o‘tib, Tokio Qishloq xo‘jaligi va texnologiya universitetining (TUAT) Xalqaro ekologiya va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida o‘qidim. Ikki yillik tahsil tugagach, JDS dasturi talabi bo‘yicha yurtga qaytib, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat agentligida ish boshladim.

To‘rt yil agentlikda o‘rganganlarimni qo‘lladim, Koreya va Yaponiya tajribasini amalda sinadim. Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) ishtirokida umumiy qiymati 200 mln dollar miqdoridagi «Meva-sabzavotchilik tarmog‘ida qo‘shilgan qiymat zanjiri yaratishni rivojlantirish» investitsion loyihasi koordinatori sifatida qishloq xo‘jaligimiz rivojiga oz bo‘lsa-da hissa qo‘shganimdan xursandman. 2020 yilning aprelidan ushbu investitsion loyiha amalga oshirilib kelinmoqda va ayni damda loyihaning yana shuncha miqdordagi 2-bosqich (fazasi) boshlanish arafasida.

— Yaponiya qishloq xo‘jaligi va undagi yutuqlarni O‘zbekiston bilan taqqoslashim noto‘g‘ri. Farq yer bilan osmoncha. Yana u yerdagi imkoniyat, sharoit va olim uchun zarur muhitda ham gap ko‘p. Lekin nekbinlik baribir yaxshi-da — ilmiy ishingizni yurtda qolib ham yozishingiz, tadqiq etishingiz mumkinmidi?

— Taraqqiy etgan o‘lkalarda ilmiy ish qilishning afzalligi — xalqaro tajribaga ega olimlar bilan bevosita hamkorlik qilish mumkin. Sohasining bilimdoni bo‘lmish xorijiy (visiting professor) va mahalliy professorlarning ilg‘or ma’lumotlar tahlili bazasini (Data Visualization Analysis) mukammal bilgani va strategik to‘g‘ri qarorlar qabul qilishi yosh tadqiqotchini ruhlantiradi.

Men ham ochig‘i, bir necha sabablar tufayli Yaponiyani tanlaganman. Davlat ishida ishlab, ilmiy tadqiqotga vaqt topish muammo. Eng yomoni, ishni deb ilmiy jarayonlardan ortda qolasiz, tanlagan uslubingiz eskiradi yo boshqa to‘siq-chegara bilan hammasi ortga surilaveradi.

Lekin O‘zbekistondagi biror universitet xodimi bo‘lib, laboratoriya va undagi jihozlar ilmiy ish talabiga javob bersa, albatta, yurtda ham tadqiqot qilish mumkin.

Foto: Aziz Omonovning shaxsiy arxividan

— Qishloq xo‘jaligimizdagi yutuqlar (garchi ota-bobomiz yer bilimdoni bo‘lgan esa-da) ochig‘i, havas qilgulik emas. Yerdan unumli foydalanmayapmiz haliyam. Olim bilan fermer, dehqonning hamkorligi deyarli yo‘q. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishda Xitoy kuchli o‘ntalikning boshida turadi. O‘zining 1 milliarddan ortiq aholisini boqish, ta’minlashdan tashqari dunyodagi guruchning 23 foizi shu yerda yetishtiriladi. Biz esa aksar sabzavot-mevalarni import qilamiz, eksportimiz ham yuqori emas. Qishloq xo‘jaligidagi muammo va tizimni yangilay olamizmi? Qachon va qay yo‘sinda, sizningcha?

— Menimcha, bu masala ham ta’lim bilan bog‘liq. Tayyorlanayotgan kadrlar dunyo tajribasini o‘rganib, to amaliyotga joriy etgunicha yo vaqt o‘tyapti, yo o‘sha metod eskirib, undan-da yangisi o‘rtaga chiqyapti. Zamon bilan baravar yurolmayapmiz. Bunga bilimimiz ham yetmayotgani bor gap.

Lekin bir joyda depsinib turibmiz deyishdan yiroqman. Islohot bor, biroq ko‘zlanganidek emas. Qonunga rioya etish degan tushunchaga negadir panja ortidan qaraymiz. Agar tizimni tubdan o‘zgartirish zarur bo‘lsa, u holda Xitoy qishloq xo‘jaligi bilan taqqoslash ham noto‘g‘ri. Negaki, bu davlat ulkan iqtisodiy va ijtimoiy salohiyatga ega boy mamlakat. Ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy tafovut juda katta.

Bizda avvalo, yer miqdori egalariga aniqlik kiritish zarur. Bir sotix yerni yo‘qotganga qat’iy jazo belgilanishi, yer unda ishlaydiganga berilishi kerak. Қайсидир amaldor yoki tijoratchining nafsi uchun uvol qilinmasin.

Ikkinchidan, fermerlarga to‘liq erkinlik berish kerak. Shunda davlat ishtiroki cheklanib, faqat soliq oluvchi maqomida turaveradi. Hokimiyatdagilar fermer yerlari (hudud)lariga borib yoki ular tepasida turib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri buyruqbozlik qilishni to‘xtatsa, fermer ham bemalol ishlaydi. Ekin ekadimi yoki shudgor qiladimi, o‘ziga qo‘yib berilsin, 1−2 yil soliq to‘lagach, u ham avtomatik harakatga tushadi, foyda ko‘rish uchun maksimal darajada imkon qidiradi, izlanadi, raqobatga dosh berish yo‘llarini qidiradi, chidolmasa, sekin chetga chiqaveradi. Qishloq xo‘jaligida deyarli 30−40 foiz mahsulot pishiqchilik davrida isrof bo‘ladi. Hududlarda asosan urug‘chilik, o‘simliklar himoyasi, tuproq tahlili, qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berish va logistika xizmatlarini rivojlantirish zarur.

O‘zbekiston agrar-iqtisodiyotga yo‘naltirilgan davlat bo‘lsa-da, agrar sohaga innovatsion bilim va g‘oyalarni olib kirishda juda sust. Sobiq Ittifoqdan qolgan g‘oyaga — qishloq xo‘jaligini ekstensiv rivojlantirish orqali ko‘p mahsulot yetishtirishga e’tibor, mana, necha yilki asosiy yo‘nalishga aylangan. Afsuski, unumdor yer va suv resurslari cheklangani uchun tobora soni oshayotgan aholi ehtiyojini qondira olmayapmiz. Natijada, siz aytgandek, bugun ham ayrim qishloq xo‘jalik mahsulotlarini import qilaveramiz (O‘zbekistonda yetishtirish imkoni bor mahsulotlarni nazarda tutyapman).

Agar qishloq xo‘jaligida Niderlandiya yoki Xitoydek natija kerak bo‘lsak, sohani intensiv rivojlantirishga jiddiy e’tibor berish shart. Bu korrupsiyasiz shakllangan tizimdagi ilmni agrar sohaga joriy etish degani.

— Garchi xavotirli yangrasa-da, kelajakdagi muammolarga yechim berguvchi olimsiz. Oxirgi 2−3 yilda ichimlik suvi muammosi, global isish, iqlim o‘zgarishlari haqida noxush bonglar yangramoqda. To‘g‘ri, bu xususida uzoq yillardan beri gapiriladi, biroq o‘tgan yildagi anomal jazirama va bundan keyingi iqlim muammolari ancha keskinlashganini ochiq-oydin tan oldik. O‘tgan yili «O‘zbekistonda 150 yillik maksimum harorat kuzatildi. Bu ogohlik signali bo‘lishi kerak», deyildi. Siz bunga nima deysiz? Qurg‘oqchilik, anomal jazirama, yangidan yangi tabiat hodisalari endi doimiy «hamroh»imizga aylanadimi?

— Ha, shunday! Iqlim o‘zgarishlari doim bo‘lgan. Biroq uning o‘zgarish tempi turlicha, ba’zan sekin, gohi tez kuzatilgan.

Lekin bugungi qurg‘oqchilik bir davlat yo ma’lum hududning emas, umumdunyoning muammosi. Bu chinakam tabiiy ofat — qariyb 55 mln kishining turmushi izdan chiqishi mumkin. 2050 yilga borib qurg‘oqchilik dunyoning to‘rtdan uch qismiga ta’sir qilish taxmini bor.

O‘zbekiston ham bu balodan benasib qolmagan. O‘lkamizning 70 foiz yoki 31,4 mln gektar yeri qurg‘oqchil maydonlardan iborat. Ular tabiiy sho‘rlangan, ko‘chma barxan qumlik va qumliklardan tarkib topgan cho‘l hamda issiq garmsel shamollari ta’siridagi hududlardir. Orol dengizi suv sathi resurslarining qurishi tufayli yana 3 mln gektardan ortiq maydonda Orolqum paydo bo‘ldi.

Birgina Orolbo‘yi mintaqasida joylashgan Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlarida 2000−2018 yillar davomida 8 mln gektardan ortiq yer maydonlari turli darajada sho‘rlandi va 1 mln gektar yer maydonlarida eroziya holati kuzatildi. Bu ushbu mintaqaning 96 foiz hududini tashkil etadi. Cho‘llanish ta’sirida o‘sha yerlarda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligi qariyb 40−45 foizga kamayib ketdi. Xavotirlanarli holat bu!

Yer yuzida cho‘llanish yaralari kuchaygani sari bizning kam o‘rmonli mintaqamizda, asosan qumli cho‘l hududlar mavjudligi xavfni yanayam orttirayotgani yomon. Tabiat o‘chini oladi, deyishgani rost ekan.

— Qurg‘oqchilik suv masalasi bilan egiz muammo. O‘zbekistonda esimni tanibmanki, ichimlik suvi tanqisligi, irrigatsiyadagi kamchiliklarga uzil-kesil yechim topilganini bilmayman. Nima, sohaga oid yangiliklardan bexabarmizmi, ilmimiz yetmaydimi yoki o‘rganishni xohlamaymizmi?

— Tadqiqotlarga ko‘ra, yaqin 20 yil ichida O‘zbekistonda suvga bo‘lgan talab sezilarli oshadi va mavjud suv resurslari keskin kamayadi. Bu esa joriy suv tanqisligini besh barobarga oshiradi. Keyin O‘zbekiston suv tanqisligi bo‘yicha qizil hududlar qatoriga qo‘shiladi. Jahon banki ekspertlari tadqiqotlariga ko‘ra, 2050 yilga borib Sirdaryo havzasida suv resurslari 5 foizga, Amudaryo havzasida 15 foizga kamayishi kutilmoqda.

Mintaqamizning asosiy suv manbasi — qor va muzliklar. Lekin ko‘p qismi qor hisobiga shakllanadi. Oxirgi yillari yurtda kuzatilayotgan suv tanqisligi ikki yo‘nalishda: aholi ehtiyojlari uchun toza ichimlik suvining yetarli emasligi va qishloq xo‘jaligini suv resurslari bilan ta’minlashda jiddiy muammolar yuzaga kelayotgani tufayli ro‘y bermoqda.

O‘tgan asrning 80-yillarida O‘zbekistonning bir yillik suv iste’moli 64 mlrd. kub metr deb hisob-kitob qilingan. Shundan 20 foizi respublika ichidagi daryo va soylarga, yer osti suv zaxiralariga, 80 foizi esa qo‘shni respublikalar hududida shakllangan transchegaraviy daryolardan olinadigan suv miqdorlariga to‘g‘ri keladi. Lekin bu hisob-kitob suvga ehtiyojning 75−80 foizini ham qoplamaydi. Vaholanki, o‘tgan davrda aholi soni qariyb ikki baravarga oshdi, sanoat rivojlandi va umumiy ehtiyojlar yana ko‘paydi.

O‘zbekistonda 4,3 mln gektar (Markaziy Osiyodagi jami sug‘oriladigan yer maydoni 7,9 mln gektar, bunda O‘zbekiston ulushi qariyb 55 foiz) sug‘oriladigan ekin maydonlari mavjud. Mamlakatdagi suv resurslarining 90 foizi qishloq xo‘jaligi sohasida ishlatiladi. Shu bois, suv resurslari kamayishi boshqa davlatlarga nisbatan biz uchun ko‘pdan ko‘p salbiy oqibatlar keltirishi aniqroq. Suv tanqisligi qishloq xo‘jaligiga salbiy ta’sir ko‘rsatsa: turmush darajasi yomonlashadi, eksport kamayadi, inflyatsiya kuzatiladi, oziq-ovqat narxi oshadi, bandlikni ta’minlashda jiddiy muammolar yuzaga qalqadi.

— Muammo ko‘lami siz aytgandek keng va oqibati yomon bo‘lsa, qandaydir chora ko‘rish, shunday muammolarni yecha olgan davlatlar tajribasini o‘rganish kerakdir?

— Kelajakda suv resurslarini barqaror boshqarish yanada murakkablashadi, chunki iqlim o‘zgarishi, qurg‘oqchilik suv tanqisligining chastotasi va intensivligini oshirishi kutilmoqda.

Tuman va qishloqlardagi iste’dodli yoshlarda bu sohada o‘qishga rag‘bat deyarli yo‘q. Ilmiy va haqiqiy ishlarni qayta tiklash muhim. Chinakam innovatsion texnologiyalarni (faqat chinakamiga) joriy etish payti allaqachon kelgan. Joylarda xalqaro innovatsion loyihalar amalda qo‘llanyapti, biroq suvni tejovchi texnologiyalar: tomchilatib, yomg‘irlatib, tuproq o‘zidan tomchilab va boshqa usullarda sug‘orish, irrigatsiya tarmoqlarida suv yo‘qotilishini kamaytirish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, qo‘shimcha suv omborlarini qurishni yechim sifatida taklif qilaman.

Xorijiy tajribaga misolni Yaponiyadan keltiray. Bu yerda suvdan oqilona foydalanish asrlar bo‘yi sholi yetishtirish sabab rivojlangan. XVII asrda sug‘orish va suv toshqini bilan hadeb kurashmoqdan aholi tadbir bilan ish yuritishga o‘tgan. Toshqinlar oldini olish uchun katta-katta daryolar, yana Tone daryosi bo‘ylab katta hajmdagi ishlar, keyinchalik Tokio va boshqa yirik shaharlarda suvga bo‘lgan talabni qondirish uchun Kanda, Tamagava suv inshootlari kabi maishiy suv uchun kanallar qurilgan.

Yaponiyada suv resurslarining asosiy rejasi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • suvdan foydalanish va suv ta’minoti vazifalari bo‘yicha suv iste’moli prognozlarini o‘rganish;
  • suv ta’minoti ko‘rsatkichlariga erishish uchun zarur bo‘lgan obyektlarni qurish;
  • suv resurslarini kompleks rivojlantirish va suvdan maqsadli foydalanishni yo‘lga qo‘yish.

Hukumat esa foydalaniladigan suvning miqdori va sifatini kompleks boshqarish, yer osti suvlarini saqlash, ulardan foydalanish hamda daryo havzalarini saqlashga jiddiy e’tibor beradi.

Ochig‘i, Yaponiya ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolarini samarali hal etolgan davlat. O‘lkada iqtisodiy rivojlanish sabab sanoat chiqindilari va ifloslantiruvchi moddalar bir yili me’yoridan oshib, ekologik muammolar shu qadar tomir otdiki, suv sifati yomonlashib, ichadigan suvdan yoqimsiz hid kela boshladi. Muammo shu qadar kengayib, Sog‘liqni saqlash va farovonlik vazirligi (hozirgi Sog‘liqni saqlash, mehnat va farovonlik vazirligi) harakatga tushadi. «Toza va chuchuk suv ta’minoti» shiori bilan vazirlik suvni tozalashning ilg‘or texnologiyasini joriy etadi va muammoga yechim topadi. Bugun Yaponiyaning ichimlik suvi nafaqat eng yuqori sifatga ega, balki boshqa mamlakatlarga nisbatan juda past to‘lovlar bilan beriladi. Dunyoning yirik shaharlari Nyu York, London yoki Sidney bilan taqqoslaganda to‘lov ancha arzon (1 metr kub suv iste’moli uchun o‘rtacha 185 iyena — taxminan 15,400 so‘m).

— Suv haqida gap ketarkan, xayolimga shu mavzuga barobar oziq-ovqat xavfsizligi keladi. Yetishtirayotgan, ishlab chiqarayotgan, iste’molchiga yetkazilayotgan mahsulotlar xavfsizligi, salomatlikka ta’siri bo‘yicha na ilmiy ish, na tadqiqot, na bir tekshirish olib boriladi. Yoki bo‘lsayam, keng omma xabardor emas. Siz anchadan beri Yaponiyadasiz. Oziq-ovqat xavfsizligiga bu o‘lkada e’tibor, kuzatuv-tadqiqot yuqori darajada bo‘lishi ayon. Shu haqida so‘zlab berolasizmi?

— Oziq-ovqat xavfsizligiga erishish uchun xalqaro muvofiqlashtirishga asoslangan ko‘p qirrali chora-tadbir zarur. Bu oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishni barqaror oshirishdan tashqari ovqatlanish madaniyatini yaxshilash, ijtimoiy himoya tizimiga zarur oziq-ovqat yordamini ko‘rsatish, chorva mollari o‘rtasidagi yuqumli kasalliklarga qarshi kurash choralarini ham ichiga oladi.

Yechimi oddiy: oziq-ovqat qiymati zanjirini qurish. Bu ko‘plab manfaatdor tomonlar, jumladan, fermerlar, urug‘chilik, o‘g‘it va qishloq xo‘jaligi texnikasi kabi zarur qishloq xo‘jaligi vositalarini yetkazib beruvchilar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash kompaniyalari, logistika, transport va tarqatish, chakana savdo do‘konlarining o‘zaro hamkorligini talab etadi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining qo‘shilgan qiymati, xususan, mahsulot sifatini oshiradi, jozibador yangi mahsulotlarni ishlab chiqishga, transport xarajatlarini kamaytirish va savdo tarmog‘ini kengaytirishga turtki beradi, sotish (marketing) imkoniyatlarini oshirishga ko‘maklashadi.

— Biz ilmiy kashfiyot, tadqiqot olib borish va amalga tatbiq etishda nimalarda xato qilyapmiz?

— Oliy va o‘rta ta’lim dargohlarida soha (texnika, muhandislik va qishloq xo‘jaligi)ga oid ilmiy adabiyotlar va kitoblar eskirgan. Bugun dunyo manzarasi sizu men o‘ylagandan-da murakkab, butunlay boshqa. Biz rivojlangan davlatlar yutuq-tajribasiga mahliyo bo‘lib, maqtab, «joriy etamiz», «o‘rganamiz-o‘zlashtiramiz» deymizu, amaliyotga qo‘l siltab, faqat nazariyaga yopishamiz. Bu juda xunuk va ayanchli holat. Muhandislik institutlarida yangi adabiyot, ilmiy maqolalarni ko‘paytirish sal bo‘lsa-da, sohani «qimirlatadi». Yosh olim bilan professorning hamkorligi zarur. Biri ikkinchisini to‘ldirsa, ayni muddao. Kutubxona va laboratoriya olimning asosiy tayanchi. Ularni yopib-cheklash emas, resurslarini boyitish, doimiy ishlashini ta’minlash muhim. Talaba yoki tadqiqotchi istagan vaqtida kelib, foydalansin, ishiga aloqador adabiyot, uskunalar bilan bemalol ishlay olsagina natija bo‘ladi. Ungacha «nega orqadamiz, nega rivojlanmaymiz?» deb yuraveramiz.

Foto: Aziz Omonovning shaxsiy arxividan

— Siz tanlagan sohada yechilishi zarur (O‘zbekiston misolida), lekin hadeganda e’tibor berilmayotgan muammo nima?

— Ilmiy ishim GIS va RS (Geographical Information System and Remote Sensing) yordamida, Geostatistics modeling, ya’ni tuproq sho‘rlanishi xavfi (Salinity risk assessment) monitoringining modelini yaratishdan iborat.

Tuproq sho‘rlanishi ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy muammo. Ayniqsa, qurg‘oqchil va yarim qurg‘oqchil hududlarda suv resurslaridan noto‘g‘ri foydalanish, qishloq xo‘jaligi hududlarida sug‘orish va drenaj tizimlarining yetarli darajada yo‘qligi sabab sho‘rlanish paydo bo‘ladi. O‘simliklar o‘sishining pasayishi va hosildorlikning kamayishi shu muammoning hosilasi o‘zi.

Sug‘orishdagi isrofgarchilik qayta-qayta tanqid qilinishiga qaramay, tuproq degradatsiyasi tendensiyasini qaytarishda kam muvaffaqiyatga erishildi. Ekologik muammolarni batafsil ko‘rib chiqish va ularni yechish bo‘yicha tavsiyalar FAO, YUNESKO, GEF va UNEP kabi xalqaro tashkilotlar hisobotida va mustaqil tadqiqotlarda ko‘p ma’lumotlar berilgan. Lekin bilganimizdan qolmay, hamon isrofgarchilikdan tiyilmaymiz, yerni esa sho‘rlataveramiz.

Tuproqning sho‘rlanishi tuproqning elektr o‘tkazuvchanligini (YeC) aniqlaydigan geofizik asboblar yordamida o‘lchanadi. Bizga esa sho‘rlanishni aniqlash, bashorat qilish uchun yangi amaliy usul va vositalarga ehtiyoj bor. Lekin bu vositalarni tez-tez qo‘llash kengroq hudud o‘lchami miqyosida qiyin, yana ko‘p vaqt, xarajat, kuch talab qiladi. Buning o‘rniga sun’iy yo‘ldosh tasvirlari, fazoviy va vaqtinchalik ma’lumotlar tufayli hududiy resurslarni samarali kuzatish mumkin.

Sho‘rlangan hududlarda qaror qabul qilishdan avval innovatsion usullar va vositalarni amalda qo‘llash kerak. Bilib-bilmay qaror berish oqibati ayanchli bo‘ladi. Bu usullar tegishli tashkilotlar va yerdan foydalanishni rejalashtirish, sug‘orish suvini taqsimlash bilan bevosita shug‘ullanuvchi mahalliy idoralarning umumiy maqsadi bo‘lishi kerak.

— Yaponiyada o‘rganganlaringizni O‘zbekistonga kelib qo‘llash niyatingiz bormi? Umuman, ortga qaytishdan cho‘chimaysizmi?

— Albatta, qaytaman! Yaponiyada o‘rganganlarimni o‘zimizda sinab ko‘rgim keladi. Rejalarim ko‘p. Eng asosiysi, xalqaro loyihalar bilan ishlab, maqbulini olib kirish niyatim bor.