O‘zbekiston Madaniyat vazirligi «O‘zavtosanoat» tuzilmasiga kiruvchi korxonadan 15,5 mlrd so‘mga ikkita yuk mashinasi xarid qilgani ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

Vazirlik axborot xizmati «Gazeta.uz»ga ushbu mashinalar prezidentning «Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» qaroriga ko‘ra, sotib olinganini ma’lum qilgandi. Qarorda 2022 yil 1 iyungacha «Madaniyat karvoni» uchun mo‘ljallangan, tegishli musiqa texnikasi va sahnaga ega 2 dona maxsus avtotransport vositasini xarid qilish vazifasi belgilangan.

9 dekabr kuni Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan tadbirda Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov mazkur avtomashinalar xaridi yuzasidan munosabat bildirdi.

«112-sonli қарорда Madaniyat vaziriga maxsus avtotransport xarid qilish topshiriq etib belgilangan va xarid uchun 20 mlrd so‘m pul ajratilgan edi. Biz uni talashib, bir nechta variantlar ichida tanlab, arzonlatib, narxni 15,5 mlrdga tushirdik va [xaridini] tashkil etdik. Hali avtomashinalarimiz qo‘limizgacha yetib kelgani yo‘q, yaqin kunlarda yetib keladi. Baralla aytolaman, bunday transport yaqin qo‘shnilarimizda ham yo‘q», — dedi Nazarbekov.

Foto: Madaniyat vazirligi axborot xizmati

Madaniyat vazirining qayd etishicha, ushbu mashinalar eng chekka hududga borgan taqdirda ham 20 daqiqada konsert tomoshasini namoyish etish uchun tayyor bo‘ladi.

«U transportda sahna, ekran, ovoz kuchaytirgichlar mavjud bo‘lib, zamonaviy ko‘rinishdagi „Xalqlar do‘stligi“ sanat saroyining kichraytirilgan bir sahnasi deyish mumkin. Bunday xariddan maqsad shuki, eng chekka hududlarda ham sifatli xizmat ko‘rsatish. Oddiy qora parda oldida yoki shiyponda turib, xira chiroqni yoqib qo‘yib konsert berish davri o‘tdi, menimcha. Bugun qishloqda yashayotgan aholiga ham yuqori darajadagi xizmat ko‘rsatish davri keldi», — dedi u.

Hukumat vakilining so‘zlariga ko‘ra, aholining saviyasi kundan-kunga o‘sib boryapti, ular bugun uyg‘ongan.

«Odamlarimiz xohlasa eng rivojlangan davlatda bo‘layotgan namoyishlarni ham ko‘rish imkoniyatiga ega. Xalqimiz eng yuqori darajada tashkil etilgan tadbirlarni ham tomosha qilyapti, dunyoni ko‘ryapti. Buni to‘g‘ri tushunishimiz kerak. Lekin oddiy qora parda oldida yoki shiyponda turib berayotgan konsertimiz aholiga qiziqarli bo‘lmayapti. Shuning uchun biz ham yuqori darajada xizmat ko‘rsatish maqsadida sotib oldik», — degan Ozodbek Nazarbekov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bu Madaniyat vazirligining juda katta yutug‘i.