Bir yilda nechta kitob o‘qiysiz? Kuningizning qancha qismini mutolaaga sarflaysiz? Juda kam, to‘g‘rimi? Ish-tashvishning tugamasligi yoki shunchaki hafsala, xohish yo‘qligi bahona bunga. «Gazeta.uz» kitobxonlikni targ‘ib etish, o‘quvchini ko‘p va xo‘b o‘qishga undash niyatida yangi loyihani boshladi. «Nima o‘qiymiz?» savoli bilan olim, tadqiqotchi, jamoat faoli, yozuvchi-shoir, tarjimon va boshqalarga yuzlanadi, ularning yil davomida o‘qigan yo o‘qilishi shart deb sanagan kitoblari tavsiyasini sizga yetkazadi. Maqsad juda oddiy — kitobxon bo‘laylik!

«Nima o‘qiymiz?» loyihasining navbatdagi mehmoni — iqtisodchi, jamoatchilik faoli, Telegram’dagi Bakiroo kanali muallifi Otabek Bakirov (loyihaning avvalgi mehmonlari ro‘yxati bilan quyida tanishish mumkin).

Yaqin orada o‘qilgan kitoblardan tavsiyalar

Oxirgi o‘qigan uchta kitobim haqida. Ularni nima birlashtiradi? Ular menda allaqachon shakllanib bo‘lgan fikrlarimni qayta ko‘rib chiqishga ta’sir o‘tkazadi.

Tom Burgis. Kleptopia: How dirty money is conquering the world. William Collins nashriyoti. 2020 yil, 360 sahifa


Bu yil davomida o‘qiganim va menga juda qattiq ta’sirlantirgan adabiyotlardan biri Tom Burgisning «Kleptopia: How Dirty Money Is Conquering the World» — «Kleptopiya: Iflos pullar dunyoni qanday zabt etmoqda» kitobi bo‘ldi.

Ilgari, yaqin yaqinlargacha Nursulton Nazarboyevni ideal diktatorlardan yoki, boshqacha aytganda, ratsional tranzitni amalga oshira olgan postsovet liderlaridan deb hisoblab kelganman. Yanvar oyida qo‘shni davlatda bo‘lib o‘tgan voqealar ham fikrimni jiddiy o‘zgartirmagandi.

Nazarboyev nomi kitobda juda ko‘p tilga olinadi. Gap faqat Nazarboyevda emas, kitob umuman qo‘shni davlatda va butun postsovet makonida «yovvoyi kapitalizm» qanday qurilgani, milliy boyliklar qanday taqsimlangani, oligarxlar qanday tanlangani va lavozimlar qanday sotilgani, oliy hokimiyat, siyosiy liderlarning oilasi, ma’naviyati bo‘yicha zehniyatingizda qolip bo‘lib qotgan shtamplarni buzib yuboradi, shuuringizni qaqshatadi.

Muallif bosqichma bosqich sizni iflos siyosatdan iflos pullar dunyosiga olib kiradi. Axir iflos pullar dunyosiga boshqa qaysi yo‘ldan kirib borish mumkin? Endi siz siyosatchilarni emas, mislsiz boylik orttirgan korchalonlarning asl qiyofasini ko‘ra boshlaysiz. Mutolaa davomida adashib ham ketasiz: kim kimni topayapti? Iflos siyosatchilar va iflos boylar iflos pullarnimi yo iflos pullar iflos siyosatchi va iflos boylarnimi?

Yegor Gaydar. «Gibel imperii. Uroki dlya sovremennoy Rossii». ROSSPEN nashriyoti. 2006 yil. 439 sahifa


Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin keng dunyo jamoatchilikda Rossiya qachondir imperializm va shovinizmdan qutula oladimi va umuman Rossiyada imperiyachilik kasaliga chalinmagan siyosatchi yo qatlamlar bormi, degan munozaralar juda ko‘paydi. Masalan, men hurmat qiladigan va Orzudagi Rossiyani yaratishi mumkin bo‘lgan Aleksey Navalniyda imperiyachilik bormi? Bor. Axir «Qrim almashinadigan buterbrod emas» chaqirig‘i yoki bo‘lmasa 2008 yilda Gruziyaga hujum vaqtida «grizunlarni (ruscha «kemiruvchilarni» — tahr.) bombardimon qilish»ga da’vatlari hali unutilgani yo‘q.

Mayli, qamoqda qolayotgan va balki tadrijiy o‘zgarishlarni kechirayotgan Navalniyni qo‘ya turaylik. 1991 yildan keyingi Rossiyaning otalari o‘zi qanday edi? Shu savollar meni Yegor Gaydarning «Gibel imperii» — «Imperiyaning tanazzuli» kitobini qayta o‘qib chiqishga undadi. Bundan 10 yillar avvalgi mutolaada men imperiyachilik qarashlari va ishoralarini qidirmagandim. Bu safar qidirib o‘qidim va topdim.

Kitobda «bozor mafkurachisi» bo‘lgan Gaydar sovet imperiyasining qulashi sabablarini birma bir tahlil qiladi, propaganda miflarini fosh etadi, sovet saltanati nostalgiyasi bilan yashayotganlarga hukm o‘qiydi. Lekin ziyrak o‘quvchi Gaydarning antisovet tezislari orasida boshqa, faqat sovetcha emas, liberal imperiya qarashlari yo‘q emasligini ilg‘ay oladi.

Nassim Taleb. Antifragile: Things That Gain from Disorder. Random House nashriyoti. 2012 yil. 544 sahifa


Nassim Taleb moliya dunyosida mashhur nom, lekin keng kitobxonlar uchun, ayniqsa o‘zbek kitobxonlari uchun shu paytgacha notanishligicha qolmoqda. Taleb to‘g‘risida gap ketganda, ko‘proq bestsellerga aylangan, tushunish oson ibora, qoida va mem so‘zlarga to‘la «The Black Swan» — «Qora oqqush» kitobi haqida so‘z ochiladi.

Lekin Talebni keng o‘quvchilar, moliyachi va bankir bo‘lmaganlar bilan birga hamma uchun mo‘ljallangan yana bir kitobi bor, kitobni hazm qilish uchun ikki omil kerak — buning uchun siz tirik va hayotingizda pul ishlatishda davom etayotgan bo‘lsangiz kifoya. Bu «Antifragile: Things That Gain from Disorder» — «Antimo‘rtlik: Xaosdan qanday manfaat olish mumkin» kitobidir.

O‘zbeklarda yaxshi maqol bor — «o‘ldirmaydigan narsa seni kuchli qiladi». Muallif o‘z mundarijasini boshdan oyoq shu tezis ustida rivojlantiradi. Uning yozishicha, «antimo‘rtlikka qarshi birinchi qadam bu ehtimoliy yo‘qotishlarni kamaytirish va dadil harakatlardan boshlanadi. Ihotalash va himoyalanishdan emas. Qattiq jismlar ko‘pincha mo‘rt bo‘ladi. Antimo‘rtlik bu qattiqlik emas, bu egiluvchanlik. Chinni piyola qattiq, lekin mo‘rt. Odamlar va jismlar Antimo‘rt bo‘lib tug‘ilmaydi, ular Antimo‘rt bo‘lib shakllanadi. Tug‘ilgan vaqtda och qolish sizni o‘ldiradi, lekin uzun hayot davomida vaqti vaqti bilan ochlik sizni faqat chiniqtiradi. Bir xillik va sokinlik emas, noma’lumlik va inqirozlar barqarorlikka yetaklaydi. Bir kun katta pul topib, ertasiga mijozsiz qoladigan taksistning daromadlari ertalabdan kechgacha stolda o‘tiradigan va doimiy daromad oladigan kadr boshlig‘idan ko‘ra uzoq muddatli istiqbolda ishonchliroqdir», deydi muallif. Chunki birinchi krizisdayoq taksist imkoniyatlar topa oladi, u chiniqqan, lekin komfort zonadan chiqmagan kadr bo‘limi boshlig‘i ko‘chada qolishi va hammasini yo‘qotishi ehtimoli juda baland.

Yoshlar (18−30 yosh orasidagi yigit-qizlar) o‘qishi tavsiya etiladigan 10 kitob

Tavsiya etish mumkin bo‘lgan va o‘qiladigan adabiyotlar tinimsiz o‘zgarib turadi. Bu kayfiyatga va atrofga judayam bog‘liq. Hozirgi kayfiyatimga qarab keng ommaga tavsiya etadigan badiiy adabiyotlar o‘ntaligi quyidagilar, ularni muhim va qiziqligi bo‘yicha raqamlamayman:

  • Abdulhamid Cho‘lpon — «Kecha va kunduz»;
  • Murod Muhammad Do‘st — «Lolazor»;
  • Mirzakalon Jo‘rayev — «Majnun»;
  • Erkin A’zam — «Shovqin»;
  • Boris Pasternak — «Doktor Jivago»;
  • Mixail Bulgakov — «Morfiy»;
  • Aleksandr Soljenitsin — «Gulag arxipelagi»;
  • Gabriel Garsia Markes — «Mustabidning kuzi»;
  • Alber Kamyu — «Vabo»;
  • Teodor Drayzer — «Finansist».