Ichki ishlar tizimidagi xodimlarning 5−7 foizini ortiqcha vaznga ega kadrlar tashkil qiladi. Ularning qat’iy ro‘yxat asosida muntazam ravishda mashg‘ulotlar olib borilishi yo‘lga qo‘yilgan. Bu haqda IIV Kasbiy tayyorgarlik boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Umid Nurullayev «Gazeta.uz» muxbiri Mirolim Isajonov bilan suhbatda ta’kidlab o‘tdi.

Umid Nurullayevning ta’kidlashicha, JSST tomonidan semizlik bo‘yicha to‘rtta daraja belgilangan. Mazkur darajaga kiradigan ichki ishlar organlari xodimlari bilan ishlash alohida tashkil qilingan.

«Tahlillarga ko‘ra, antropometrik ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan xodimlarning bir qismi pandemiyadan so‘ng gormon bilan davolanganlar, yana bir qismi esa semizlikka moyil bo‘lganlardan iborat. Semizlikka moyilligi bor xodimlar 40−55 yosh oralig‘idagi kadrlarni tashkil etadi. Bundan tashqari, ayrim ayol xodimlarimizda tug‘ruq davridan keyin semirib ketish holatlari kuzatilmoqda. Hozirgi kunda antropometrik ko‘rsatkichga ega bo‘lgan xodimlar shaxsiy tarkibning taxminan 5−7 foizni tashkil qiladi», — dedi u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, antropometrik ko‘rsatkichga ega xodimlar xizmat o‘tayotgan vaqtida o‘z vazifasini bajarishga qiynaladi, ortiqcha vazni to‘sqinlik qiladi.

«Shuning uchun ularni xizmatdan to‘liq ajratgan holda mavsumiy o‘quv yig‘inlari, haftada ikki marotaba davolash-sog‘lomlashtirish guruhlarida mutaxassislar ishtirokida mashg‘ulotlar o‘tkazamiz. Bu jarayonlarga diyetologlar ham jalb qilinmoqda. Natijada, ortiqcha vaznga ega xodimlar soni yildan-yilga kamayib boryapti. Joriy yilgi ko‘rsatkichlarimiz o‘tgan yilga nisbatan 15 foizga kamayishiga erishildi», — dedi IIV vakili.

Umid Nurullayevning qayd etishicha, bu borada tizimda qat’iy choralar ko‘rilyapti. Xususan, antropometrik ko‘rsatkichlari yuqori xodimlarga maxsus unvonlar berilmayapti, yuqori lavozimga tayinlanmayapti.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yili IIV kadrlar bo‘limi boshlig‘i Farid Abdiyev ichki ishlar tizimidagi belgilangan normadan ortiqcha vaznga ega bo‘lgan xodimlar alohida ro‘yxatga olingani, ularga o‘z vazni ustida ishlashlari uchun barcha kerakli sharoitlar yaratilgani, har biri ogohlantirilgani, ovqatlanish bo‘yicha tavsiyalar berilganini ta’kidlagan edi. Shuningdek, u o‘z ustida ishlamagan va ortiqcha vaznini yetarli me’yorga tushirmagan xodimlar yangi yil choragida attestatsiyadan o‘tkazilishi, ularning tizimda o‘z faoliyatini davom ettirish yoki davom ettirmaslik masalasi hal etilishini aytgandi.