O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov samarqandlik va qashqadaryolik jurnalistlarning Facebook`da yozgan izohi uchun ularning ota-onalari so‘roq qilingan holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» muxbiri Shohruh Haydarovning Facebook`dagi (aynan qaysiligi aniqlashtirilmagan) izohi uchun ota-onasining uyiga IIB tergov-qidiruv bo‘limi xodimi borgani haqida yozgandik. Yana bir shunday holat jurnalist Inobat Ahatova bilan sodir bo‘lgan.

«Ma’lum bo‘lishicha, Samarqand viloyati Narpay tumani hamda Qashqadaryo viloyati Qarshi shahar IIB rahbariyatining shaxsiy tashabbuslari bilan jamoatchilik faollari tomonidan jamiyatdagi turli hodisalarga hamda vaqtinchalik qiyinchiliklarga xolis yondashishlari so‘rab, I.Ahatova va Sh.Haydarovning yaqinlari bilan suhbat uyushtirilgan», — deyiladi xabarda.

Vazirlik vakilining qayd etishicha, hozirgi kunda jamiyatda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlanishi, ijtimoiy hodisalarga tanqidiy yondashuv faqatgina quvvatlanadi. Aynan shuni uchun jamoatchilik va OAV vakillari bilan aloqalarni amalga oshirish Ichki ishlar organlarining axborot xizmatlari orqali yo‘lga qo‘yilgan va ta’minlanib kelinmoqda.

«Hurmatli jurnalistlar va jamoatchilik faollari, yuqoridagi holat o‘rganildi va mas’ullarga tanbeh berildi, kelajakda Ichki ishlar organlari xodimlarining jamoatchilik nazorati bilan bog‘liq faoliyatingiz bo‘yicha so‘rovlar yoki takliflar kelib tushganda Ichki ishlar organlarining Axborot xizmatlariga bog‘lanishingizni so‘raymiz», — deyiladi Shohrux G‘iyosovning munosabatida.

Holat qanday bo‘lgan?

Shohrux Haydarovning ma’lum qilishicha, 9 dekabr kuni tongda unga notanish erkak qo‘ng‘iroq qilib, hozir uning ota-onasi yashaydigan uyga kelganini, Shohruxning o‘zi qayerda ekani, qachon uyga kelishini so‘rab, u bilan gaplashib olishi kerakligini aytgan. «Tinchlikmi, kim o‘zi bu, desam, IIB tergov-qidiruv bo‘limidanman, Facebook’da bir izoh qoldiribsan, shunga, deya javob qaytardi», — deydi Haydarov.

«Ana boshlandi buyog‘i. Bechora onam bu narsalarni u qadar tushunmaydi, qon bosimi ko‘tarilib ketibdi. Otam xavfsirab alohida telefon qildilar takror. Xullas, kap-katta yigit kishining uydagilarini tinchini buzishdi, salomatligini xavfga qo‘yishdi. Kulgulisi, IIO xodimi bo‘la turib, qayerda o‘qishimni bilmas ekan, vaholanki buni profilimda ham yozib qo‘yganman katta qilib», — deb yozadi u.

Shohrux Haydarovning ta’kidlashicha, o‘zini IIO xodimi deb tanishtirgan shaxs gap qaysi izoh haqida ketayotganiga aniqlik kiritmagan, lekin kimning posti ostida qoldirilganini aytgan. «Do‘stu yaqinlarim siyosatga, birovning hayotiga xavf soladigan izoh yozmasligim, tasdiqlanmagan ma’lumot tarqatmasligimni yaxshi bilishadi… Kimdir izoh beradimi, akalar?», — deb murojaat qilgan jurnalist.

Shuningdek, Shohrux Haydarov ijtimoiy tarmoqlarda yozilgan izoh uchun «alohida chaqirtirish» tartibi bor-yo‘qligi haqida qayerdadir yozilgan-yozilmaganiga ham qiziqqan. Jurnalistning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, IIO xodimi suhbat yakunida «dam olish kunlari uyga qaytsang, telefon qilgin, gaplashib olamiz», deb ta’kidlagan.

Bir kun avval shunga o‘xshash holat jurnalist Inobat Ahatova bilan sodir bo‘lgan. Unga ko‘ra, onasi tuman IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga chaqirtirilib, unga qizining Facebook’da yozib qoldirgan postlari haqida «nega bunday yozdi, bu postida nega bunaqa degan» kabi savollar berilgan. Savollar «soqol, diniy mavzudagi fikrlar» haqida bo‘lgan, ammo, jurnalistning qayd etishicha, u bu mavzularda «deyarli umuman yozmaydi».

«Men hozir 27 yoshdaman. O‘z harakati, gapi uchun o‘zi javob berishi kerak bo‘lgan, muomala layoqatiga ega fuqaroman. Yoshi ulug‘, men uchun salomatligi hamma narsadan qadrli bo‘lgan ota-onamni boshqa ovora qilmanglar, biror narsani aniqlashtirmoqchi bo‘lsangiz, o‘zimdan so‘rang», — deya qo‘shimcha qilgan Inobat Ahatova. «Bu ish orqali ota-onam va menga ruhiy bosim qilmoqchi bo‘lishdimi?», — deb savol qo‘ygan jurnalist, 2022 yilgi Konstitutsiya kuni uning xotirasida mana shunday xavotir bilan esda qolganini ta’kidlagan.

Jurnalistlar bilan sodir bo‘lgan bunday holatlarni jamoatchilik faollari qoralamoqda. Xususan, bloger Shahnoza Soatova yuz bergan holatni «g‘alati» deb atagan. «Bu nima — anglashilmovchilikmi, o‘zboshimchalikmi, atay qilingan ishmi, voyaga yetgan insonning so‘zlari uchun onasidan so‘roq so‘rash qaysi mantiq va qonunga ko‘ra amalga oshirilgan — shu kabi savollarga javob kerak», — deya ta’kidlagan u.