AQShning Time jurnali Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni 2022 yil yakunlariga ko‘ra, «Yil odami» deb e’lon qildi.

Foto: Time jurnalining dekabrga atalgan soni muqovasi / Nil Jeymison yaratgan illyustratsiya

Jurnalning ushbu soni muqovasida «Yil odami. Vladimir Zelenskiy va Ukraina ruhi» deb yozilgan.

«Zelenskiyning urush davridagi rahbar sifatidagi muvaffaqiyati shundaki, u jasorat ham yuqumli bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi», — deb yozadi Saymon Shuster. «Uning sahnadagi aktyorlik hayotidan meros bo‘lib qolgan professional instinktlari uning olomonni o‘qiy olishi, ularning kayfiyati va umidlariga javob bera oldi. Endi uni butun dunyo tomosha qilayapti. U sababli uning ukrainalik vatandoshlariga ham jasorat yuqdi. Ko‘p ukrainaliklar o‘z jonlarini saqlab qolish o‘rniga, qo‘llariga qurol ushlashdi, o‘z shaharlari va qishloqlarini tanklar va vertolyotlar bilan qurollangan bosqinchi kuchlardan himoya qilish uchun yugurishdi», — deyiladi Time jurnalida e’lon qilingan maqolada.

Ma’lumot uchun, Time 1927 yildan beri yilning eng nufuzli shaxsini tanlab kelmoqda. 2021 yilda bunday nomga milliarder Ilon Mask loyiq ko‘rilgan.

Yil qahramonlari

Time jurnali 2022 yil yakunlariga ko‘ra eronlik ayollarni «Yil qahramonlari» deb e’lon qildi. Jurnalning so‘nggi soni muqovasida «Ozodlik uchun kurashgan eronlik ayollar» deb yozilgan.

«Bu yosh ayollar hozir ko‘chalarga chiqishgan. Ular oyoqqa turg‘azgan harakat ta’limga oid, liberal, dunyoviy ko‘rinishlarda, yuqori umidlar bilan ko‘tarilgan va ular normal hayotga umid qilishmqoda: ular chet elga sayohat qilish, munosib ish joylarida ishlash, qonun ustuvorligi, Apple Store’dan foydalanishga ruhsat, siyosatdagi muhim rolga ega bo‘lish, gapirish va kiyinish erkinligi kabi huquqlar uchun kurashishmoqda. Ular o‘zlaridan oldingi avlodga o‘xshamaydilar», — deb yozilgan eronlik ayollar haqida e’lon qilingan maqolada.

Ma’lumot uchun, 22 yoshli Mahsa Amini metro bekatida «shariat qoidalariga asosan kiyinish talablariga amal qilmaganlik» uchun ahloq politsiyasi tomonidan hibsga olingan va politsiya mahkamasida vafot etgan. Ba’zi manbalarga ko‘ra, u ahloq politsiyasi tomonidan qiynoqqa solingan va shuning oqibatida haloq bo‘lgan. Ushbu voqeadan so‘ng ko‘plab eronlik ayollar tinch namoyishlar o‘tkazish uchun ko‘chaga chiqishdi.

«Ushbu maqola yozilayotgan vaqtda 400 ga yaqin eronlik namoyishchilar xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘ldirilgan, garchi ba’zi inson huquqlari guruhlari bu raqamni yuqoriroq deb hisoblasalar ham, sud hokimiyati hibsga olinganlarning ba’zilari uchun qattiq jazo talab qilmoqda», — deyiladi Time jurnalida e’lon qilingan maqolada. «Internetni bloklash choralariga qaramay, qamoqxonalarda o‘lim holatlari va shafqatsiz tarzda munosabat qilinayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Taxminan uch oy o‘tgach, kollejlar kampuslarida namoyishlar to‘xtovsiz davom etmoqda, talabalar hibsga olingan do‘stlarini ozod qilishni talab qilishmoqda va maydonlar, sinflarda jinsga qarab ajratish qoidalariga qarshi chiqishmoqda», — deb yozadi Time.

Futbol bo‘yicha Jahon chempionatida Eron terma jamoasi davlat madhiyasi yangrayotganda jim turib, namoyishchilar bilan birdamligini namoyish etdi.

Ma’lumot uchun, 2021 yilda Time jurnali COVID’ga qarshi vaksina ishlab chiqqan kashfiyotchi-olimlarni «Yil qahramonlari» deb e’lon qilgan edi.