O‘z vazifasiga mas’uliyat bilan yondoshmagan O‘zbekiston energetika sohasidagi bir qator rahbarlarga hayfsan berildi, deya xabar qildi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

7 dekabr kuni Energetika vazirligida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, shuningdek, prokuratura organlari hamda tizim korxonalari rahbarlari va mas’ul xodimlari ishtirokida kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan maxsus shtabning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda hozirgi kunda energiya resurslari ta’minotidagi mavjud muammolar va ularning yechimlari, bu borada olib borilayotgan ishlar tanqidiy ko‘rib chiqildi. Yig‘ilishda maxsus shtab tashkil etilganiga qaramay, joylardagi hududiy shtablarning faoliyati talab darajasida tashkil etilmaganligiga alohida urg‘u berildi.

Ayrim mas’ul rahbarlarning dolzarb muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etishda ishlarni to‘g‘ri tashkil qilmayotganligi, buning natijasida tizimda ko‘plab texnik nosozliklar sodir bo‘layotgani, energiya tejamkorlik masalalarida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani hamda elektr ta’minotida cheklovlarni kiritishda belgilangan tartiblarga rioya etilmayotgani iste’molchilarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotganligi qattiq tanqid qilindi, deyiladi xabarda.

Shu va boshqa kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi uchun «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi raisi Dadajon Isakulov, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Ro‘ziqul Rayimov, «Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» filiali direktori Anvar Muzapov va «Toshshaharnur» DUK direktori Umidbek Rajabovga hayfsan berildi.