O‘zbekiston bo‘ylab pirotexnika vositalarining noqonuniy savdosi bilan bog‘liq holatlar aniqlanmoqda. Tadbirlarda ko‘p miqdorda pirotexnika vositalari musodara qilindi.

Xususan, Qibray tumani IIB JQB xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan nazorat tadbirida ov anjomlari sotishga mo‘ljallangan savdo do‘konida saqlanayotgan noqonuniy pirotexnika vositalari aniqlandi.

Qibray tumanida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha tuman IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi tomonidan Prokuratura departamenti xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, tuman Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan (ov anjomlari sotishga mo‘ljallangan) savdo do‘konida sotuvchi bo‘lib ishlovchi 31 yoshli fuqaro X.T. pirotexnika mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanib kelayotgani va do‘kon omborida sotish maqsadida 31 turdagi 1 586 dona (qora bozordagi) taxminiy narxi 100 mln so‘mdan ko‘p bo‘lgan pirotexnika vositasi saqlayotganligi aniqlangan.

Aniqlangan daliliy ashyolar qonuniy qaror qabul qilingunga qadar xolislar ishtirokida tuman DSI xodimlariga topshirilgan.

Hozirda holat yuzasidan ekspertiza tayinlanib, Jinoyat kodeksining 250−1-moddasi (Portlash xavfi bo‘lgan moddalar yoki pirotexnika buyumlaridan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish choralari ko‘rilmoqda.

Foto: Toshkent viloyati IIBB

2 dekabr kuni Buxoro viloyati Transportda xavfsizlikni ta’minlash bo‘limi xodimlari tomonidan Buxoro temir yo‘l vokzali hududida o‘tkazilgan «Pirotexnika» tezkor profilaktik tadbirlari davomida, 2008 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan, maktab o‘quvchisi, Kogon shahar Baxt ko‘chasida yashovchi X.Sh.ning yonida 5 blokda 50 qutida jami 2 750 dona Qirg‘izistonda ishlab chiqarilgan «Treniya» yozuvli pirotexnika vositalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

X.Sh. ushbu pirotexnika vositalarini shu kuni Kogon shahar markaziy bozoridan o‘ziga notanish bo‘lgan erkak kishidan jami 700 000 so‘mga sotib olganini bildirgan.

Holat yuzasidan X.Sh.ning ota-onasiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 185−3-moddasi (Mamlakat hududida fuqaroviy va xizmat quroli sifatida muomalada bo‘lishi taqiqlangan ashyolarning qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lishi) bilan jarimaga tortildi.

Foto: IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti

4 dekabr kuni IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti Tezkor qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan shaxsini sir saqlashni so‘ragan fuqaroning arizasiga asosan Toshkent shahar, Yashnobod tumanida joylashgan «Kadisheva» bozori yaqinida tezkor tadbir olib borilgan.

Tadbir davomida, 1986 yilda tug‘ilgan Toshkent shahar, Yashnobod tumanida yashovchi J.J. tezkor tadbir ishtirokchisiga 40 dona «Volk» nomli salyut, 8 dona «9D» nomli salyut, 43 dona «7SHOTS» nomli salyut hamda 144 dona «Zolotoy pesok» nomli salyut pirotexnika vositalarini jami 24 000 000 so‘m pullar evaziga kelishib sotayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlanib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Shuningdek, Jalaquduq tumani IIB JQB xodimlari tomonidan 4 dekabr kuni o‘tkazilgan tezkor-profilaktik tadbirlar natijasida Andijon shahrida yashovchi 2002 yilda tug‘ilgan fuqaro A.D. 100 dona qutidagi 6000 dona «Britanik» nomli hamda 6 dona «Solovey razboynik» nomli pirotexnika vositalarini Jalaquduq tumani hududida sotish maqsadida olib yurgan vaqtida ushlandi.

Ushbu pirotexnika vositalari xolislar ishtirokida IIB ixtiyoriga olindi va holat yuzasidan bayonnoma rasmiylashtirildi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Foto: Andijon viloyati IIB

G‘allaorol tumani Baxt mahallasida yashovchi 2004 yilda tug‘ilgan D.Sh. 1 million 190 ming so‘mga pirotexnika vositasini sotayotganda IIO xodimlari tomonidan ushlandi. 3 dekabr o‘tkazilgan tezkor tadbirda sotuvchidan jami 5 ming 400 dona pirotexnika vositasi hujjatlashtirib olingan. So‘nggi ikki kun davomida viloyatda pirotexnika vositasini sotish bilan bog‘liq shunday 5 ta huquqbuzarlikka chek qo‘yildi.

Xususan, 3−4 dekabr kunlari jami 20 ta holat qayd etildi. Hududlar kesimida tahlil etilganda ularning 6 tasi Sharof Rashidov, 3 tadan G‘allaorol va Zomin tumanlari hududida aniqlangan.

Pirotexnika vositalarini saqlayotganlarning aksariyati maktab o‘quvchilari ekani ma’lum qilindi. Chunonchi, soha xodimlari Sharof Rashidov tumanidagi 15-sonli o‘rta umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi H.V.ni Nurafshon mahallasi hududida to‘xtatib tekshirishganida u 480 dona pirotexnika vositasini yonida saqlayotgani ma’lum bo‘ldi. Xuddi shunday, G‘allaorol tumanidagi 88-o‘rta umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi F.F. esa pirotexnika vositasining 600 tasini yonida olib yurgan. Shanba va yakshanba kungi tadbirlarda shu kabi 12 ta holat kuzatildi.

Tadbirlar davomida pirotexnika vositalarini sotish va saqlash bilan bog‘liq holatlarda jami 6 nomdagi 34 ming 500 ga yaqin pirotexnika vositalari, 40 ta salyutlar hujjatlashtirib olindi.

Foto: Jizzax viloyati IIB

Toshkent viloyati IIBB xodimlari tomonidan Toshkent shahriga olib ketilayotgan qiymati 72 mln so‘mlik, 200 000 dona pirotexnika vositalari ushlab qolindi.

Toshkent viloyatida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha IIBB sohaviy xizmat xodimlari tomonidan mavsumiy nazorat-reyd tadbirlari davom ettirilmoqda.

Xususan, navbatdagi tezkor tadbir davomida, 1979 yilda tug‘ilgan fuqaro I.X. boshqaruvida «Vodiy-Toshkent» yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan Isuzu yuk avtomashinasi Ohangaron tumanida joylashgan Chinor YPX maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan.

Natijada transport vositasining yukxonasida (xorijda ishlab chiqarilgan va bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan) taxminiy qiymati 72 mln so‘mlik turli nomdagi jami 196 555 dona pirotexnika vositasi borligi aniqlangan va daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirilib olindi.

Hozirda holat yuzasidan qonuniy qaror qabul qilish choralari ko‘rilmoqda.

Foto: Toshkent viloyati IIBB