O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan Shavkat Mirziyoyev afv to‘g‘risidagi hujjatni imzoladi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

«Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor tuzalish yo‘liga qaytgan 400 ga yaqin mahkum afv etilmoqda. Bu haqdagi tegishli farmon bugun e’lon qilinadi», — dedi u.

7 dekabr kuni prezident xalqqa an’anaviy bayram tabrigi bilan murojaat qiladi. Televideniye orqali yubiley sana munosabati bilan maxsus tashkillashtirilgan tantanali konsert dasturi ham namoyish etiladi.

«Konstitutsiya kuni milliy bayram sifatida butun mamlakat bo‘ylab keng nishonlanmoqda. Mehnat jamoalarida, mahallalarda va ta’lim muassasalarida, joylardagi hokimliklarda sanitariya-epidemiologik vaziyatni hisobga olgan tantanali tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Faol fuqarolarga „O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga 30 yil“ ko‘krak nishonlari topshirilmoqda», — dedi Sherzod Asadov.

Ayni vaqtda, uning qayd etishicha, prezidentning 7 dekabrdagi ish jadvalida Konstitutsiya kuni munosabati bilan alohida tantanali marosim rejalashtirilmagan edi.

Prezident matbuot kotibining qo‘shimcha qilishicha, «shu kunlarda prezident huzurida mamlakatning kelgusi taraqqiyoti uchun mo‘ljallangan aniq maqsad va vazifalarni ishlab chiqish, kelib tushgan taklif va tashabbuslarni muhokama qilish bo‘yicha faol ish olib borilmoqda».

«Ular yaqin vaqt ichida O‘zbekiston parlamenti va xalqiga yo‘llanishi rejalashtirilgan Murojaatnomadan o‘rin oladi. Prezident Murojaatnomada mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining kelgusi yil uchun ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beradi, bir qator muhim islohotlar tashabbusi bilan chiqish qiladi», — dedi Sherzod Asadov.