UzA agentligi Telegram kanalining xabar berishicha, Sardor Umurzakov raisligidagi yig‘ilishda gaz va yoqilg‘i benzin bilan bog‘liq vaziyatni normallashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Jumladan:

  • tovar gaz yetkazib berish hajmini sutkasiga 5 million kub metrga oshirish;
  • 2023 yil 1 martga qadar davlat idoralari tasarrufidagi siqilgan gazda harakatlanadigan avtomobillardan foydalanishni taqiqlash, ularni benzinga o‘tkazish;
  • xorijiy davlatlar bilan qo‘shimcha tabiiy gaz, elektr energiyasi, ko‘mir, mazut xarid qilish bo‘yicha muzokaralarni jadallashtirish;
  • 2 oy muddatga AI-80 benzini importi uchun aksiz solig‘i va uni chakana sotish uchun aksiz solig‘ini hisoblash va undirishni to‘xtatib turish;
  • birja sotuvlariga qo‘yilayotgan AI-80 benzining kunlik hajmini oshirish;
  • AI-80 benzini narxining asossiz oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik, narx oshishi boshlang‘ich narxning 5 foizidan ortiq bo‘lmasligini ta’minlash vazifalari topshirildi.

Shu bilan birga, qo‘shimcha chora-tadbirlar sifatida barcha ishlab chiqaruvchilar va treyderlarga suyultirilgan gazni eksport qilish taqiqlandi.

Qolaversa, tabiiy gaz yetkazib berish imkoniyati mavjud bo‘lmagan hollarda aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berishga ruxsat beriladi.

Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi nasos stansiyalariga elektr energiyasi yetkazib berishga o‘rnatilgan vaqtincha cheklovlar yil yakuniga qadar uzaytirildi.

Shuningdek, benzin va dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish uchun xomashyo hamda tayyor benzin importi oshiriladi, birjada AI-80 benzini savdosiga vositachi kompaniyalarning ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, 6 dekabr kuni “O‘zbekneftgaz” AI-80 benzini narxi oshirilmagani va uning 1 litri 6800 so‘mligicha saqlanib qolayotganini ma’lum qilgandi. Shuningdek, kompaniya respublika NQIZlarida sutkasiga 4000 tonnadan benzin ishlab chiqarilayotgani va avtomobillar uchun bu turdagi yoqilg‘i zaxirasi yetarli ekanini qayd etgandi.

Shundan so‘ng Antimonopoliya qo‘mitasi ayrim hududlaridagi AYOQSHlarda Ai-80 benzinning chakana narxlari o‘rtacha 6 800 so‘mdan 7 100 so‘mgacha oshgani kuzatilayotgani va talab oshgan vaqtda narxni asossiz oshirayotgan AYOQSHlarga tegishli chora ko‘rilishi haqida ogohlantirgandi.