Respublikaning ayrim hududlaridagi AYOQSHlarda Ai-80 benzinning chakana narxlari o‘rtacha 6 800 so‘mdan 7 100 so‘mgacha oshgani kuzatilmoqda. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining ma’lum qilishicha, bunda birja savdolarida kuzatilgan narx o‘sishi AYOQSHlardagi narxlarga 10 kundan keyin o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.

“Bunda tadbirkorlik subyektlari tomonidan xarid qilingan benzin o‘rtacha 5−10 kundan keyin yuklab jo‘natiladi va sotuvga chiqariladi. Ya’ni, birja savdolarida kuzatilgan narx o‘sishi 10 kundan keyin AYOQSHlardagi chakana narxlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatishi mumkin”, — deyiladi xabarda.

Qo‘mita benzin narxlari doimiy monitoring qilib borilishi va narxlarni sun’iy ravishda oshirish holati aniqlansa, subyektlarga belgilangan tartibda tegishli chora ko‘rilishini ma’lum qildi.

5 dekabr kuni birja savdolari natijasiga ko‘ra Ai-80 benzin mahsulotining narxi 1 tonna uchun o‘rtacha 8 mln so‘mni tashkil etib, mazkur ko‘rsatkich o‘tgan noyabr oyiga nisbatan 4 foizga oshgan.

“O‘zbekneftgaz” esa bu turdagi benzin narxi oshirilmagani va uning 1 litri 6800 so‘mligicha saqlanib qolayotganini ma’lum qilgandi. Shuningdek, kompaniya respublika NQIZlarida sutkasiga 4000 tonnadan benzin ishlab chiqarilayotgani va avtomobillar uchun bu turdagi yoqilg‘i zaxirasi yetarli ekanini qayd etdi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi benzin narxlarini sun’iy oshirishga, tanqislik va ajiotaj talabni vujudga keltirishga yo‘l qo‘ymaslik uchun, birja savdolariga qo‘yiladigan Ai-80 benzinining kunlik hajmlarini oshirish va narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘ryapti. Xususan, 5 dekabr kunidan boshlab birja savdolariga qo‘shimcha 1 ming tonna Ai-80 benzin qo‘yildi.

Qo‘mita respublikadagi barcha AYOQSHlardan avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari vaqtinchalik yopilishi evaziga benzinga bo‘lgan talab oshganligi sababli narxlarni asossiz oshirmaslikni so‘radi.