Xuquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida Angren temir yo‘l yo‘nalishida poyezdlar harakati xavfsizligiga salbiy ta’sir qiluvchi o‘g‘irlik jinoyati bilan bog‘liq holatga chek qo‘yildi, deya xabar qildi DXX matbuot xizmati.

Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida yashovchi 1995 yilda tug‘ilgan, muqaddam o‘g‘irlik jinoyati sodir etganligi uchun sudlangan K.J., Xorazm viloyatining Urganch shahrida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan S.S. va Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi, 1996 yilda tug‘ilgan M.F.lar joriy yilning may oyida Toshkent viloyatidagi «Aqcha-Obliq» temir yo‘l bekatlari oralig‘idan o‘tuvchi beton ustunlardagi yuk va yo‘lovchi poyezdlar elektrovozlarini yuqori kuchlanishli elektr energiyasi bilan ta’minlovchi simlarning jami 140 metrini kesib olib, «Damas» rusumli avtomashinaga yuklab, olib ketayotgan vaqtlarida qo‘lga olingan.

Ta’kidlanishicha, mazkur shaxslar bunga qadar «Kuchlik-To‘ytepa» temir yo‘l bekatlari oralig‘idagi 87,5 metr elektr simlarini hamda «Ohangaron-Aqcha» temir yo‘l bekatlari oralig‘idagi 100 metr elektr simlarini kesib olib, sotib yuborgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi tomonidan K.J., S.S. va M.F.lar Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi «a» bandi (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan o‘g‘rilik) bilan aybli deb topilib, ularning har biriga besh yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.