2022 yilning yanvar-oktabr oyida 694 ta holatda o‘rmon huquqbuzarliklari aniqlanib, jami 3 mlrd 153,4 mln so‘m zarar keltirilgan. Bu haqda 2 dekabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari G‘olibjon Qurbonovning so‘zlariga ko‘ra, 374 ta holat bo‘yicha 330 mln so‘mdan ortiq zarar va 85,4 mln so‘m jarima undirilgan. Ayni paytda qolganlarini undirish choralari ko‘rilmoqda.

«Tahlillarga ko‘ra, daraxt kesish bo‘yicha 153 ta holat aniqlanib, yetkazilgan zarar 732 mln so‘mni, jarima esa 152 mln so‘mni tashkil qilmoqda. Mol boqish bo‘yicha 283 ta holatda yetkazilgan zarar 1 mlrd 313 mln so‘m, jarima 35 mlndan iborat. Ov qilish bo‘yicha 10 ta holatda yetkazilgan zarar 44 mln so‘mni, jarima 9,6 mln so‘mni, boshqa 248 ta huquqbuzarlik holatlarida yetkazilgan zarar 1 mlrd so‘mni, jarima 105 mln so‘mni tashkil etmoqda», — dedi G‘olibjon Qurbonov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirgi kunda 420 nafarga yaqin o‘rmon inpektorlari faoliyat yuritmoqda. Tizim tashkilotlari tomonidan ma’muriy ish hujjatlari Vazirlar Mahkamasining 2021 yildagi 431-son qarori bilan tasdiqlangan nizom talablari asosida «E-ma`muriy ish» tizimiga elektron shaklda kiritilishi orqali amalga oshirilib kelinmoqda.